“Yer resurslaridan samarali foydalanish va uni muhofaza qilish ustidan davlat nazoratini o‘rnatishda avtomatlashtirilgan axborot tizimini joriy etish chora-tadbirlari to‘g‘risida”gi prezident qarori loyihasi muhokama uchun e'lon qilindi.
Yerlardan foydalanish va ularni muhofaza qilishda ta'sirchan davlat nazoratini yanada kuchaytirish maqsadida O‘zbekiston Respublikasi Moliya vazirligi va Yer resurslari, geodeziya, kartografiya va davlat kadastri davlat qo‘mitasining respublikaning barcha tuman va shahar ma'muriy-hududiy birliklarida davlat yer inspektori shtatlarini to‘liq joriy etish yuzasidan:
O‘zbekiston Respublikasi Yer resurslari, geodeziya, kartografiya va davlat kadastri davlat qo‘mitasiga budjetdan moliyalashtiriladigan qo‘shimcha 32 ta tuman va shahar bo‘limlariga bo‘lim boshlig‘i, bosh davlat inspektori shtat birliklarini joriy etish;
O‘zbekiston Respublikasi Yer resurslari, geodeziya, kartografiya va davlat kadastri davlat qo‘mitasining Yer munosabatlari va davlat kadastrlarini rivojlantirish jamg‘armasi hisobidan moliyalashtiriladigan qo‘shimcha jami 1093 ta, shundan 95 foizini qo‘mitaning tuman va shahar bo‘limlariga muhandis-yer tuzuvchi (davlat inspektori) shtat birliklarini joriy etish;
Qoraqalpog‘iston Respublikasi, viloyatlar va Toshkent shahri Yer resurslari va davlat kadastri boshqarmalarining Yerdan foydalanish va uni muhofaza qilishni nazorat qilish sho‘'balari boshliqlariga boshqarma boshlig‘ining o‘rinbosari maqomi berish to‘g‘risidagi takliflariga rozilik beriladi.
Qoraqalpog‘iston Respublikasi, viloyatlar va Toshkent shahri Yer resurslari va davlat kadastri boshqarmalarning shtat jadvallariga 2019 yilning to‘rtinchi choragidan boshlab budjetdan saqlanadigan boshqarma boshlig‘ining o‘rinbosari lavozimini kiritish to‘g‘risidagi takliflariga rozilik berilishi mumkin.
Belgilanishicha, 2019 yil 1 sentyabrdan O‘zbekiston Respublikasi Yer resurslari, geodeziya, kartografiya va davlat kadastri davlat qo‘mitasi, uning hududiy yer resurslari va davlat kadastri boshqarmalari, tuman va shahar bo‘limlari xodimlarining lavozim maoshlarini Yagona tarif setkasi bo‘yicha mehnatga haq to‘lashning tasdiqlangan razryadlariga asosan belgilashda tarif koeffitsiyenti 1,8 baravarga oshirgan holda qo‘llaniladi.
Ushbu bandni amalga oshirish bilan bog‘liq xarajatlar tegishincha O‘zbekiston Respublikasi Davlat budjeti mablag‘lari va Yer munosabatlari va davlat kadastrlarini rivojlantirish jamg‘armasi hisobidan qoplanadi.















