Jahon | 08:24 / 27.08.2019
41815
2 daqiqa o‘qiladi

«Katta yettilik» sammitining yakuniy bayonoti bir varaq joy oldi. Unda 5ta masala o‘rin olgan

Foto: REUTERS / Jeff J Mitchell

Fransiyaning Biarrits shahrida o‘tgan “Katta yettilik” sammiti ishtirokchilarining yakuniy bayonoti bor-yo‘g‘i bir varaqqa sig‘di va savdo masalalari, Eronning yadro dasturi, Ukraina, Eron, Liviya va Hongkongdagi vaziyatni o‘z ichiga oldi.  

Ro‘yxatda birinchi band bo‘lib savdo masalalari turibdi. Unda ta'kidlanishicha, G7 ochiq va adolatli xalqaro savdo va jahon iqtisodiyoti barqarorligi tamoyillarini qo‘llab-quvvatlaydi. Shuningdek, “yettilik” ishtirokchilarining Jahon savdo tashkilotini samaraliroq qilish uchun bir nechta sohalar bo‘yicha o‘zgartirish istagi bildirilgan.

Eron yadro dasturi 2-band bo‘lib turibdi. “Biz ikki maqsad borasida to‘liq yakdilmiz: Eronda yadro quroliga yo‘l qo‘ymaslik va mintaqada tinchlik hamda barqarorlik o‘rnatilishiga ko‘mak berish”, deb ta'kidlashgan G7 a'zolari.

3-o‘rinda Ukrainadagi vaziyat turibdi. Ushbu bandda Fransiya va Germaniya yaqin haftalarda “normand formati”da uchrashuv tashkillashtirmoqchiligi ta'kidlangan. 

Yakuniy bayonotning 4-bandida Liviya masalasiga e'tibor qaratilgan. Katta yettilik” yetakchilari ushbu davlatda yarashuvni qo‘llab-quvvatlashadi. “Biz siyosiy yechimgina Liviyada barqarorlikni ta'minlashga imkon beradi, deb hisoblaymiz”, deyilgan hujjatda. Unda “yettilik” yetakchilari “Liviyadagi ixtilofning barcha tomonlari va hududiy o‘yinchilar ishtirok etadigan puxta tayyorlangan xalqaro anjumanni” kutib qolayotganlari ta'kidlangan.

Bayonotning oxirgi bandida Hongkongdagi vaziyatga to‘xtalgan. Bayonot mualliflari u yerda zo‘ravonlikdan qochishga chaqirishgan va 1984 yilda Buyuk Britaniya hamda Xitoy o‘rtasida tuzilgan deklaratsiya muhimligini ta'kidlab o‘tishgan.

Mavzuga oid