O‘zbekiston | 11:32 / 01.09.2019
9383
3 daqiqa o‘qiladi

Prezident 3 yil ichida 4 mingga yaqin mahbusni afv etdi

Prezident Shavkat Mirziyoyev O‘zbekiston Respublikasi mustaqilligining yigirma sakkiz yilligiga bag‘ishlangan tantanali marosimdagi nutqida inson huquqlari va erkinliklarini ta'minlash bo‘yicha mustaqil siyosati qat'iy davom ettirilayotgani va bu siyosat xalqaro hamjamiyat tomonidan e'tirof etilayotgani to‘g‘risida ham gapirdi.

«O‘zbekiston inson huquqlari va erkinliklarini ta'minlash bo‘yicha mustaqil siyosatini qat'iy davom ettirmoqda va bu siyosat xalqaro hamjamiyat tomonidan e'tirof etilmoqda.

Mamlakatimizda mahbuslarni afv etish instituti joriy etildi. Keyingi uch yilda yetti marta afv e'lon qilindi. Natijada qilmishidan chin dildan pushaymon bo‘lib, tuzalish yo‘liga qat'iy o‘tgan 4 mingga yaqin mahbus jazoni o‘tash joylaridan ozod etildi», deydi davlat rahbari.

Mustaqillik bayrami arafasida prezident afv etish haqidagi yana bir farmonga imzo chekdi. Unga ko‘ra jazo muddatini o‘tayotgan 65 nafar fuqaro afv etildi.

«Tasavvur qiling, o‘z uyiga, yaqinlari bag‘riga qaytayotgan bu insonlarning, ularning ota-onasi, farzandlarining quvonchi, xursandchiligini «oynai jahon» orqali ko‘rgan odam, bu haqiqatan ham  ezgu va savobli ish ekaniga yana bir bor ishonch hosil qiladi», deydi Shavkat Mirziyoyev.

Mustaqillik bayrami arafasida Qoraqalpog‘iston Respublikasi Jasliq qo‘rg‘onidagi jazoni ijro etish koloniyasi yopilgani insonparvar siyosatning yana bir ifodasi bo‘ldi.

«Bu tarixiy qadam mamlakatimizda inson huquq va erkinliklarini himoya qilish vaqtinchalik kampaniya emas, balki davlat siyosati darajasidagi uzluksiz jarayon ekanini ko‘rsatadi.

Bugungi kunda O‘zbekiston o‘z fuqarolarining huquq va manfaatlarini, ular qayerda bo‘lishidan qat'i nazar, himoya qilishga qodir mamlakat sifatida o‘zini namoyon etmoqda. 

Chet ellarda ishlayotgan va ta'lim olayotgan vatandoshlarimiz bilan aloqalar mustahkamlanib, ularning huquq va manfaatlari ta'minlanmoqda. O‘zbekistonga qaytib, ish yoki o‘qish faoliyatini davom ettirish istagida bo‘lgan fuqarolarimiz uchun zarur sharoitlar yaratilmoqda.

Bu yil 156 nafar vatandoshimiz – asosan ayollar va bolalar jangovar harakatlar davom etayotgan Suriyadan qaytarib olib kelindi va ularning fuqarolik huquqlari tiklandi.

Albatta, kechirimli, mehr-oqibatli bo‘lish xalqqa ham, Xudoga ham manzur bo‘ladi. Mana shunday ezgu fazilatlar bizning bag‘rikeng xalqimizni yanada ulug‘laydi», deya qo‘shimcha qiladi davlat rahbari.

Mavzuga oid