O‘zbekiston | 16:39 / 01.09.2019
6159
3 daqiqa o‘qiladi

Qozog‘istonning Aktau shahrida O‘zbekiston bosh konsulligi ochildi  

Foto: Tumba.kz

31 avgustda Qozog‘istonning Aktau shahrida O‘zbekiston bosh konsulligi ochilishi marosimi bo‘lib o‘tdi. Tantanali tadbirda shahar joylashgan Mangistau viloyati rahbari Serikbay Trumov va O‘zbekistonning Qozog‘istondagi elchisi Saidikrom Niyozxo‘jayev ishtirok etdi.

Diplomatik korpusning ochilishi ikki davlat o‘rtasida iqtisodiy aloqalar va do‘stona munosabatlarni yanada kengaytirishga imkon berishi ta'kidlab o‘tildi. 

“Bugun biz Mangistau yerida tarixiy voqea guvohi bo‘ldik. Ikki qardosh xalq o‘rtasida madaniy va ma'naviy aloqalar tobora mustahkamlanib, kengayib bormoqda. Davlatlarimiz o‘rtasidagi yaxshi qo‘shnichilik aloqalari yanada mustahkam bo‘lsin”, deb aytgan viloyat akimi Trumov.

O‘z navbatida O‘zbekiston elchisi Saidikrom Niyozxo‘jayev Aktau Qozog‘istonning dengiz darvozalari hisoblanishini ta'kidlab o‘tgan.

“Butun yuk oqimi, dengiz yuk oqimi shu yerdan o‘tadi. Bu O‘zbekiston mahsulotlarining Qozog‘iston orqali boshqa davlatlarga chiqishi uchun eng qisqa yo‘l. Dasturimizda O‘zbekiston chegarasidagi o‘tish punktlarini modernizatsiya qilish bor va albatta, tovar oqimi yura boshlaganda, aholi kela boshlaydi, investorlar o‘zaro muloqat qiladi. Bosh konsulligimiz bunga qo‘shimcha turtki beradi”, deb aytgan Niyozxo‘jayev.

Yangi konsullik xodimlari O‘zbekiston fuqarolariga hujjatlarni rasmiylashtirishda, ularning huquq va manfaatlarini himoyalashda yordam ko‘rsatadi. Endilikda o‘zbekistonliklarga zarur hujjatlarni notarial tasdiqlash uchun O‘zbekistonga borishlari zarurati bo‘lmaydi.

Aktauda, shuningdek, Ozarboyjon, Eron, Turkmaniston va Turkmaniston konsulliklari faoliyat yuritadi.  

2019 yilning birinchi yarmida O‘zbekiston va Qozog‘iston o‘rtasidagi tovar aylanmasi 1,8 mlrd dollarni tashkil qildi. Yil oxirigacha bu ko‘rsatkichni 4 mlrd dollarga yetkazib qo‘yish rejalashtirilgan.

Mavzuga oid