Kun.uz saytiga Buxoro shahridagi ixtisoslashtirilgan madaniyat maktab-internatining bir guruh o‘qituvchi va xodimlari tomonidan murojaat yo‘llandi.

Unda ta'lim maskanida nosog‘lom muhit yuzaga kelgani, internat rahbari tomonidan turli qonun buzilishlarga yo‘l qo‘yilayotgani, jamoaga tazyiq o‘tkazayotgani va qo‘pol muomalada bo‘layotgani bayon etilgan.

Shikoyat xatiga maktab-internati direktor o‘rinbosarlari, o‘qituvchilar, bosh hisobchi, kasaba uyushmasi qo‘mitasi, Yoshlar ittifoqining boshlang‘ich tashkiloti yetakchisi va yana bir necha nafar xodimlar imzo chekishgan.

Ushbu murojaatni o‘rganish maqsadida mazkur ta'lim maskanida bo‘ldik va pedagoglar bilan suhbatlashib, ularning e'tirozlarini tingladik.

«Birinchi navbatda e'tirozimiz maktab-internatiga rahbarlik qilib kelayotgan Nodira Rajabova yuzasidan. Uning tazyiqlari va qo‘pol muomalasidan to‘ydik. Uning xonasiga ham biror masalada kirolmaymiz. Go‘yoki biz uchun mumkin emasmish. Eshigining yonida haftalab tursak ham, qabul qilmaydi. Kayfiyati yaxshi bo‘lishini kutishga majburmiz. Dars soatlari ajratishda ham nohaqlikka yo‘l qo‘yilmoqda», — deydi matematika-informatika o‘qituvchisi Aziza G‘aniyeva.

Shundan so‘ng kasbiy ta'lim bo‘yicha direktor o‘rinbosari Olima Qurbonova o‘z fikrlarini bildirib o‘tdi.

«Yoshim ancha ulug‘ligi uchun direktorimizning nomaqbul munosabatidan ranjiyman. Bizdan keksalarni ham umuman hurmat qilmaydi. Nima uchunligini tushunmaymiz. Biror fikrimizni aytolmaymiz. Rahbar jamoa bilan bunday ohangda suhbatlashishi mumkinmi?», — deydi direktor o‘rinbosari. 

Biz bilan suhbatda o‘z navbatida ta'lim muassasasi bosh hisobchisi Ma'rifat Nusratova bir qator noqonuniy pul o‘tkazmalariga rahbar tomonidan majburlanganini ta'kidlasa, direktor kotibasi Lola Subhonova rahbar tomonidan doimiy tazyiqdaligi, oilasiga aralashish tahdidi bilan uni qo‘rqitib kelishini aytib berdi. Shuningdek, yana bir necha nafar pedagog Nodira Rajabovadan jabrlanganini bayon etishdi. Asosiy e'tiroz turli nohaqliklar, qo‘pol muomala va haqoratlar tufayli.

Ma'lum bo‘lishicha, ushbu ta'lim maskaniga 2017 yildan buyon rahbarlik qilib kelayotgan Nodira Rajabova joriy yil may oyida lavozimidan ozod etilgan. Buxoro viloyat madaniyat boshqarmasi rahbari Yo‘ldosh Genjayev tomonidan yangi tayinlangan direktor tanishtirilgan. Ammo oradan bir kun o‘tib «ba'zi sabablar»ga ko‘ra, yangi rahbar ishlashdan bosh tortgan va Nodira Rajabova yana direktor vazifasini vaqtincha bajaruvchi sifatida ishini davom ettirgan.