Atom energiyasidan tinchlik maqsadlarida foydalanish to‘g‘risidagi qonun prezident tomonidan imzolandi. 

Qayd etilishicha, yadroviy qurilma va (yoki) saqlash punkti joylashtirilgan hududda xavfsizlikni ta'minlash maqsadlarida quyidagi alohida hududlar belgilab qo‘yiladi:

sanitariya-muhofaza zonasi – alohida foydalanish rejimiga ega maxsus hudud;

kuzatuv zonasi – yadroviy qurilma va (yoki) saqlash punkti ushbu zonada yashovchi aholiga radiatsiyaviy ta'sir ko‘rsatishi ehtimoli mavjud bo‘lgan hudud;

xavfsizlik zonasi – alohida huquqiy rejimga ega hudud.

Sanitariya-muhofaza zonasi va kuzatuv zonasining o‘lchamlari hamda chegaralari atom energiyasidan foydalanish sohasidagi normalar va qoidalarga muvofiq yadroviy qurilmaning va (yoki) saqlash punktining loyihasida belgilanadi. 

Sanitariya-muhofaza zonasida yashash uchun mo‘ljallangan turar joylarni va jamoat binolarini, bolalar muassasalarini, shuningdek yadroviy qurilmaning va (yoki) saqlash punktining ishlashiga aloqador bo‘lmagan hamda sanitariya-muhofaza zonasining tasdiqlangan loyihasida nazarda tutilmagan davolash-sog‘lomlashtirish muassasalarini, umumiy ovqatlanish obektlarini, sanoat obektlarini, yordamchi va boshqa inshootlarni hamda obektlarni joylashtirish taqiqlanadi.

Sanitariya-muhofaza zonasida joylashgan mavjud obektlar va inshootlarning foydalanish sohasi o‘zgargan taqdirda, ulardan xo‘jalik maqsadlari uchun foydalanishga ekspluatatsiya qiluvchi tashkilotning taqdimnomasiga ko‘ra xavfsizlikni davlat tomonidan tartibga soluvchi organlarning ruxsati bilan yo‘l qo‘yiladi. 

Kuzatuv zonasida xavfsizlikni davlat tomonidan tartibga soluvchi organlar tomonidan xo‘jalik faoliyati uchun cheklovlar joriy etilishi mumkin. 

Sanitariya-muhofaza zonasida va kuzatuv zonasida atom energiyasidan foydalanish sohasidagi normalar hamda qoidalarga muvofiq radiatsiyaviy xavfsizlikning ta'minlanishi ustidan nazorat va radiatsiyaviy vaziyat monitoringi amalga oshiriladi. 

Xavfsizlik zonasining o‘lchamlari va chegaralari atom energiyasidan foydalanish obektining (hududning) himoyalanganligi ta'minlanganligi haqidagi axborotni hamda yadroviy qurilma va (yoki) saqlash punkti hududida terrorchilik harakati sodir etilishining oldini olish, unga chek qo‘yish va (yoki) ushbu obektlarda terrorchilik harakatining oqibatlarini tugatishga doir tadbirlar ro‘yxatini o‘z ichiga olgan yadroviy qurilmaning va (yoki) saqlash punktining xavfsizlik pasporti hisobga olingan holda belgilanadi.