Sport | 17:35 / 11.09.2019
152555
2 daqiqa o‘qiladi

Toshkentda MMA jangchisi Muslimbek Omonov mushtlashuv oqibatida vafot etdi

Foto: Instagram /Muslim Omonov

Toshkentda MMA professional jangchisi Muslimbek Omonov mushtlashuvda olgan jarohati oqibatida vafot etdi. Poytaxt IIBB qator nashrlarda tarqalgan bu haqdagi xabarni tasdiqladi.

Qayd etilishicha, joriy yilning 11 sentyabriga o‘tar tunda, soat taxminan 00:50larda, Yunusobod tumanida joylashgan kafelardan birida ikkita yigitlar guruhi o‘rtasida mojaro kelib chiqqan.

Xabarga ko‘ra, ular o‘zaro munosabatlarni oydinlashtirish maqsadida ko‘chaga chiqib, Shayxontohur tumaniga qarab yo‘l olishgan, u yerda mushtlashuv kelib chiqqan. Natijada, uch nafar shaxs tan jarohatlari bilan kasalxonaga murojaat qilgan, ulardan biri - 23 yoshli Muslimbek O. shifokorlar harakatlariga qaramay vafot etgan.
 
Ushbu holat yuzasidan O‘zbekiston Respublikasi Jinoyat kodeksining 104-moddasi (Qasddan badanga og‘ir shikast yetkazish) 3-qismi «d» bandi (jabrlanuvchining o‘lishiga sabab bo‘lsa) bilan jinoyat ishi qo‘zg‘atildi.

Qayd etilishicha, ushbu harakatlarining barcha ishtirokchilari aniqlangan. Tergov davom etmoqda.

Eslatib o‘tamiz, 2018 yilning 9 avgustga o‘tar kechasi Toshkent shahrining Yunusobod tumani hududida joylashgan Aurum 898 tungi klubida ro‘y bergan pichoqbozlik oqibatida erkin kurashchi, xalqaro toifadagi sport ustasi Jamshid Kenjayev vafot etgandi.

Mavzuga oid