So‘nggi kunlarda oliy ta'lim tizimida kuzatilayotgan o‘zgarishlar aholi orasida keng muhokamaga sabab bo‘lmoqda. Kontrakt miqdorining yana oshgani, stipendiya qiymatining kamaygani bilan bog‘liq turli mish-mishlar, chin yoki yolg‘onligini aniqlash qiyin bo‘lgan gap-so‘zlar, tushunmovchiliklar ko‘paydi. Xo‘sh, aslida nimalar va nega o‘zgardi?

Kontrakt narxi 18 foizga qimmatlashdi. Sabab ─ xarajatlar ko‘p!

2019 yil sentabr oyidan boshlab oliy ta'lim muassasalari uchun to‘lov-kontrakt miqdori 18 foizga oshdi. Bunga asos sifatida ta'lim xarajatlari ortib borayotgani ko‘rsatilmoqda.

«Oliy ta'lim muassasalari xodimlarining ish haqi miqdorlari, kommunal xizmatlar tarifi va boshqa saqlash xarajatlari oshgani holda, oliy ta'lim muassasasi xarajatlari daromadiga nisbatan 74 foizga o‘sgan. Shuningdek, yoshlarni oliy ta'lim bilan qamrash ko‘rsatkichi 2017/2018 o‘quv yilidagi 9 foizdan joriy o‘quv yilida 20 foizga ortdi, talabalar kontingenti 126 ming nafarga ko‘paydi. Bu oliy ta'lim muassasalarida o‘qituvchilar va o‘quv binolari quvvatlarini yaratish bo‘yicha qo‘shimcha ehtiyojga olib keladi, o‘z navbatida qo‘shimcha xarajatni talab etadi. Shu bois, kontrakt narxi ham oshdi. Aslida kontrakt puli ta'lim xarajatlarini to‘liq qoplashi kerak, lekin hozir bizda faqat 68 foizini qoplayapti, xolos. Qolgan qismini esa oliy ta'limda kadrlar tayyorlanishidan manfaatdor bo‘lgani uchun davlat budjetidan qoplanmoqda. Lekin davlat daromadining ham cheki bor. Agar kontrakt narxi kamaytirilsa, chegirma hisobidagi bo‘shliqni to‘ldirish ham davlat budjeti hisobiga tushadi. Lekin budjet ham xalqdan olinadigan pul hisobiga to‘ldiriladi-ku», deydi Oliy va o‘rta maxsus ta'lim vaziri o‘rinbosari Sarvar Buzrukxonov.

Sarvar Buzrukxonov

Ikki xil kontrakt shakli joriy etildi: stipendiyali va stipendiyasiz

2019 yildan boshlab stipendiyali va stipendiyasiz kontrakt shakli joriy etildi. Stipendiyali kontraktda talaba har doimgidek o‘z stipendiyasini oyma-oy oladi va belgilangan kontrakt summasini to‘liq to‘laydi. Stipendiyasiz kontraktda esa talaba 12 oy davomida oladigan stipendiyasining umumiy summasini (400,000x12=4,800,000) bir yillik kontrakt narxidan chegirib qolgan holda, qolgan summani to‘lashi mumkin bo‘ladi.