Saudiya Arabistonining yirik neftni qayta işlovçi Aramco kompaniyasiga tegişli ikkita obekt dronlar hujumiga uçraganidan söng Saudiya kunlik neft işlab çiqariş hajmini ikki barobarga kamaytirdi. Qirollikda kunlik neft xomaşyosi işlab çiqariş hajmi 5,7 million barrelga (1 barrel — 159 litr) kamayişi kutilmoqda. Bu butun dunyoda qazib olinayotgan kunlik neft hajmining 5 foizi degani. Yamandagi husiyçilar obektlarga hujum uçun javobgarlikni zimmasiga oldi.

Dronlar hujumiga uçragan obektlar Abqayq va Xuraysda joylaşgan. Reuters naşrining yozişiça, Fors körfazida qazib olinadigan neftning katta qismi aynan Abqayqdagi zavodda qayta işlanadi. Hujum 14 sentabr kuni amalga oşirilgan. Oqibatda har ikki obektda yonğin kelib çiqqan. Zavodlardagi bir neçta obektda neftni qayta işlaş töxtatilgan, çunki yonğin sabab yanayam köproq xomaşyo yonib ketişi xavfi bölgan. Zavodlarda doimiy faoliyat bir neça kundan söng tiklanişi aytilmoqda.

Uyuştirilgan hujum uçun javobgarlikni öz zimmasiga husiyçilar Saudiyadagi hujumlar uçun 10ta drondan foydalanilgani bilan «maqtaniş» barobarida bunday hujumlar davom ettirilişini iddao qilişgan. Saudiya Arabistoni bir neça yildan buyon Yamandagi husiyçilarga qarşi kuraş olib boradigan koalitsiyani boşqarib keladi. Saudiya husiyçilar mamlakatga xavf tuğdirayotganini ma'lum qilişadi. Şuningdek, Saudiya husiyçilar Eronning körsatmasi bilan iş qilişini ta'kidlab keladi.
Saudiyaning yaqin hamkorlaridan biri AQŞ darhol bu hujumlar ortida Eron turganini ma'lum qildi. AQŞ davlat kotibi Mayk Pompeo özining tvitterdagi sahifasida şunday yozdi: «Ruhoniy va Zarif diplomatik aloqalar borasida gapirayotgan bir vaqtda Eron Saudiyaga 100 martalab hujum uyuştirişga ulgurdi. Eron bu bilan butun dunyo energetikasiga zarba berdi»,— deb yozdi Pompeo. Uning aytişiça, AQŞ özining hamkorlari bilan energetik xavfsizlikni ta'minlaş borasida işlaşda davom etadi.
Eron tomoni esa AQŞning bu ayblovini mantiqsiz deb atadi: «Maksimal bosim işlamaganda maksimal yolğon yordamga keladi», — deb yozdi Eron taşqi işlar vaziri Javod Zarif tvitterdagi sahifasida. Iroq boş vaziri Odil Abdul Mahdi ham bu işlar Iroq tomonidan uyuştirilgani haqidagi xabarlarni asossiz miş-mişlar gap deb atadi.
Bu voqealardan söng Saudiya Arabistoni podşohligining valiahd şahzodasi Muhammad bin Salmon va AQŞ prezidenti Donald Tramp örtasida telefon suhbati ötkazildi. Suhbat davomida Tramp AQŞ Saudiya xavfsizligi uçun qölidan kelgan yordamni berişini ma'lum qilgan. Reuters’ning yozişiça, dronlar hujumidan söng neftning narxi bir neça barobarga qimmatlaşişi va Saudiya, AQŞ kabi davlatlarni strategik zaxiralaridan neft sotişga undaşi mumkin. Bu mantiqan töğri taxmin, çunki har ikki mamlakatning asosiy raqiblari iqtisodiyoti neftning narxiga boğliq va bu xomaşyo qimmatlaşişi ularning foydasiga işlaşi mumkin.













