O‘zbekiston fuqarolik jamiyatiga asoslangan demokratiya qurishni asosiy maqsadga aylantirdi. Bunda hukumat oldiga bir necha muhim vazifa qo‘yildi. Shulardan biri yosh avlodni har tomonlama mukammal bilimga ega qilib tarbiyalash hisoblanadi. Ushbu vazifalarni bajarish uchun Prezident Shavkat Mirziyoyevning 2019 yil 20 fevraldagi «Prezident maktablarini tashkil etish to‘g‘risida»gi qaroriga asosan prezident maktablari loyihasi yo‘lga qo‘yildi. Yangi tashkil etilayotgan prezident maktablari yurtimizda ta'lim sifati va samarasini oshirish bo‘yicha lokomotivga aylanishi belgilab olindi.
Bu loyiha mamlakatimizda iqtidorli yoshlarni o‘qitish tizimini yaratish hamda kelgusida ularda rahbarlik va yetakchilik ko‘nikmalarini shakllantirishga qaratilgan.
Ilk prezident maktabi Toshkent shahrida ish boshladi. Xalq ta'limi vazirligi matbuot xizmati ma'lumotiga ko‘ra, ayni paytda Namangan, Nukus va Xivada prezident maktablarini qurish va jihozlash ishlari yakunlanmoqda.
Prezident maktablari dastlab cheklangan miqdorda tashkil etilishi ushbu muassasalarni boshqarish uchun mutlaqo yangi modelni sinab ko‘rish zarurati bilan bog‘liq. Sinovdan so‘ng, prezident maktablarini 2020 yilda Buxoro, Jizzax, Qashqadaryo, Samarqand va Farg‘ona viloyatlarida, 2021 yilda Andijon, Navoiy, Surxondaryo, Sirdaryo va Toshkent viloyatlarida ham qurish rejalashtirilgan.
Prezident maktabiga kirish imtihonlari qanday o‘tdi?
Joriy yilda kirish imtihonlari Namangan, Nukus, Xiva va Toshkentda ikki bosqichda bo‘lib o‘tdi. Dastlab, saralash imtihonlarida qatnashish uchun 28 452 nafar nomzod ro‘yxatga olindi. Shundan 27 471 nafari imtihonda ishtirok etish huquqiga ega bo‘ldi. 27119 nafar nomzod esa saralash imtihonlarida ishtirok etdi.



Saralash bosqichi imtihoni natijalariga ko‘ra, 12 mingga yaqin o‘quvchi asosiy imtihonlarda ishtirok etish huquqini qo‘lga kiritdi. Asosiy imtihonlarda bitta o‘ringa da'vogarlar soni 20 kishini tashkil qildi. Imtihon natijalariga ko‘ra, maktabga 144 nafar o‘quvchi qabul qilindi (har bir sinfda 24 o‘quvchi).



















































