Neft va gaz sohasida yetuk mutaxassis bo‘lib yetishishni, qiziqarli kasb egasi bo‘lishni va bu sohada mansab cho‘qqisida yuqori natijalarga erishishni istasangiz – biz sizga yordam beramiz! Talabalik davringiz nafaqat foydali balki yoqimli o‘tishini va bu hissiyotlarni bir umr eslab yurishni, talabalik davrida «gubkinchi»larning boy madaniy hamdo‘stligiga a'zo bo‘lishni istasangiz – sizning yo‘l xaritangiz aynan I.M.Gubkin nomidagi Rossiya Davlat neft va gaz universitetining Qashqadaryo viloyatidagi Hududiy tayyorlov bo‘limidan boshlanadi!

Neft, gaz sohasida yetuk kadrlarni tayyorlash maqsadida I.M.Gubkin nomidagi Rossiya Davlat neft va gaz universitetining Qashqadaryo viloyatidagi Hududiy tayyorlov bo‘limi bepul maqsadli tayyorlov kurslariga qabul e'lon qiladi.

Hududiy tayyorlov bo‘limiga professor-o‘qituvchilaridan iborat qabul komissiyasi tomonidan tanlov asosida qabul qilinadi. O‘quv kurslarida ta'lim I.M.Gubkin nomidagi Rossiya Davlat neft va gaz universiteti (Moskva) va universitetning Toshkent shahridagi filialiga qabul imtihonlari fanlari – matematika, fizika va rus tili fanlari bo‘yicha amalga oshiriladi.

Bilimi bo‘yicha eng yuqori natijalarga erishgan tinglovchilar O‘zbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasi va «O‘zbekneftgaz» AJ Qarorlariga asosan I.M.Gubkin nomidagi Rossiya Davlat neft va gaz universitetining Qashqadaryo viloyatidagi Hududiy tayyorlov bo‘limi uchun ajratiladigan kvotalarga asosan universitetning Toshkent shahridagi filialida tahsil oladilar.

Rossiya Davlat neft va gaz universiteti yuqori obro‘li texnik oliy ta'lim maskanlaridan biri hisoblanadi. Hozirda universitet «RA-Ekspert» reytingiga ko‘ra ish beruvchilar tomonidan universitet bitiruvchilariga bo‘lgan talabga ko‘ra yuqori o‘rinlarda turuvchi universitetlar uchligiga kiradi, GlobalWorldCommunicator (GWC)ning dunyoning 500 eng yaxshi OTMlari reytingida umumiy ro‘yxatda 256 va Rossiya OTMlari orasida 5 o‘rinni egallab turibdi. QuacquarelliSymonds (QS) UniversityRankings BRICS reytingiga ko‘ra BRIKS davlatlari universitetlari umumiy ro‘yxatida Rossiya universitetlari orasida yuqori-30talikka kirgan. Gubkin universiteti QS World University Rankings by Subject: predmet reytingiga ko‘ra yuqori 100talikka kirgan 8ta Rossiya universitetlari sirasiga kiradi.

I.M.Gubkin nomidagi Rossiya Davlat neft va gaz universitetining Toshkent shahridagi filiali Rossiya Davlat neft va gaz universiteti tomonidan qabul qilingan ta'lim dasturlariga muvofiq, oliy ta'lim sifatiga belgilangan xalqaro talablar va O‘zbekiston Respublikasining kadrlar tayyorlash Milliy dasturi maqsad va vazifalariga muvofiq Respublikaning neft va gaz sohasi uchun yuqori malakali mutaxassislar tayyorlaydi.