Oʻzbekiston Osiyo oʻyinlarining 10-kunida 12 sport turida ishtirok etdi va yana uchta medal qoʻlga kiritdi.

Ogʻir atletika

Tokio Olimpiadasi chempioni, uch karra jahon chempioni Akbar Joʻrayev (-110 kg) Osiyo oʻyinlarida ham Oʻzbekistonga oltin medal olib keldi.

U dast koʻtarishda oʻziga tegishli boʻlib turgan rekordni yangiladi (197 kg), shuningdek, siltab koʻtarishda (226 kg) va umumiy natijasi (423 kg) bilan Osiyo oʻyinlari rekordlarini oʻrnatdi.

Yengil atletika

photo_2026-09-29_19-30-46
Foto: Milliy olimpiya qoʻmitasi
Barnoxon Sayfullayeva

Yengil atletika boʻyicha Oʻzbekiston jamoasi aʼzosi Barnoxon Sayfullayeva ham delegatsiyaga navbatdagi oltin medalni keltirdi. U balandlikka sakrash dasturida 1.90 metr natija qayd etib, musobaqa chempionligini qoʻlga kiritdi.

Eʼtiborli jihati, Oʻzbekiston Osiyo oʻyinlarida ushbu dasturda uzluksiz ravishda chempion boʻlib kelmoqda. Avvaliga Svetlana Radzivil qatorasiga uch marta (2010, 2014, 2018) Osiyo oʻyinlarida gʻolib chiqqandi, undan estafetani Safina Saʼdullayeva (2023) qabul qilib olgandi, endi esa bu anʼanani Barnoxon Sayfullayeva davom ettirmoqda.

Balandlikka sakrash boʻyicha musobaqada qatnashgan yana bir oʻzbekistonlik sportchi Valeriya Gorbatova 1.80 metr natija qayd etib, oltinchi oʻrinni band etdi.

800 metr masofaga yugurish boʻyicha musobaqada ishtirok etgan Sabohat Samijonova bir kun oldin saralashdan oʻtgandi (2:02.64), ammo bugun finalda sakkiz sportchi marraga eng oxirgi boʻlib yetib keldi (2:07.23).

Boks

Bugun Oʻzbekiston erkaklar jamoasining uch nafar vakili yarimfinal janglarini oʻtkazdi va shundan ikki nafari finalga yoʻl oldi.

Dastlab -60 kg vazn toifasidagi Abdumalik Halokov yaponiyalik Shunsuke Kitamotoga qarshi ringga koʻtarildi. Mezbonlar vakili imkon qadar qarshilik koʻrsatdi, ammo amaldagi Olimpiada oʻyinlari gʻolibi, amaldagi Osiyo oʻyinlari gʻolibi va ikki karra jahon chempioni hisoblangan oʻzbekistonlik sportchi undan-da aniqroq harakat qilib, jangni oʻz foydasiga hal qildi (4:1).