Internet tarmoqlarida I.M.Gubkin nomidagi Rossiya davlat neft va gaz universiteti (milliy tadqiqot instituti)ning Toshkent shahridagi filiali talabalarining murojaati tarqaldi. 

Murojaatga ko‘ra, universitetda bir va undan ortiq akademik qarzlar uchun yoppasiga 25 talaba o‘qishdan chetlatilgan. Talabalarning ta'kidlashicha, universitet ma'muriyati ularga tuhmat qilib, hech qanday isbot va dalillarsiz o‘qishdan chetlatgan. 

"Bizning jamiyatimizda nima uchundir o‘sib kelayotgan avloddan o‘z pozitsiyasi va fikr-mulohazasiga ega bo‘lmagan shaxslarni yetishtirib, nafaqat o‘zini, balki o‘z do‘stlarini ham himoyalashga harakat qilganlarni yoqtirishmaydi. Rahbarlik qilish u yoqda tursin, shunchaki fikrlash va o‘z nuqtai nazari va hayotiy pozitsiyasini himoya qila olmaydigan kadrlar yetishadigan bo‘lsa, kelajakda bizning davlatimizni nima kutadi", - deb yozishadi talabalar.

Talabalarning ta'kidlashicha, qonunchilikka muvofiq, akademik qarzlar uchun kursda qoldiriladi, lekin o‘qishdan butkul chetlatilmaydi. 

"Biz ta'lim uchun o‘z huquqimizni talab qilib kurashayotgan bir paytda filialda bir vaqtning o‘zida ham ogohlantirish, ham xayfsan olgan talabalarga nisbatan salbiy munosabat bildirish davom etmoqda (125 nafar talaba, umumiy talabalar sonidan 15 foizi). Neft va gaz sohasini tanlab, o‘z orzusidagi universitetga kirishga harakat qilgan yoshlar oliy ma'lumotga ega bo‘lmagan kishilar safiga qo‘shilishi mumkin, zero universitetda o‘qituvchi va talaba o‘rtasida nizo ketmoqda, o‘zaro tushunish, qo‘llab-quvvatlash yo‘q, pedagogning o‘z bilimlarini talabalar bilan bo‘lishish yo‘li orqali rivojlanishga turtki beruvchi ustoz-shogird an'analari yo‘q", - deya ta'kidlashmoqda talabalar.

Bundan tashqari, murojaatga ko‘ra, 2018 yilning 3 mayida 100 dan ziyod talabaga ogohlantirish va xayfsanlar e'lon qilingan, zero endi hatto bir fandan qarzi bo‘lgan yoki darslarni qo‘yib yuborgan har qanday talaba o‘qishdan chetlatilishi mumkin.

"Hozir yoshlarning rivojlanishi uchun shunday ko‘p ishlar qilinayotgan bir davrda bunday yoppasiga o‘qishdan chetlatilish kelgusida qator omillar natijasida kerakli mutaxassislar yetishmovchiligini yuzaga keltirishi mumkin. Biz mamlakatimiz nomini tanitmoqchimiz, biroq rahbariyat tomonidan bildirilayotgan so‘nggi adolatsizliklar orzuimizga erishishga imkon qoldirmaydi", - deb yozishadi talabalar o‘z murojaatida.

Vaziyatga oydinlik kiritish maqsadida Kun.uz Toshkent shahridagi I.M.Gubkina nomidagi Rossiya davlat neft va gaz universiteti filiali bilan bog‘landi.