Shu kunlarda ijtimoiy tarmoqlarda Andijon viloyati Baliqchi tumani «Iftixor» mahallasida yashovchi bir guruh ayollar va bir erkak norozilik namoyishi o‘tkazgani tasvirlangan videolavha tarqaldi. Ushbu ayollar uylari buzilgan bo‘lsada, hokimlik tomonidan kompensatsiya puli berilmayotgani sababli ochlik e'lon qilishgandi.

«Biz Prezident bilan gaplashamiz. Bugundan boshlab ochlik e'lon qilamiz va ko‘chada tunaymiz. Kerak bo‘lsa asfaltga yotib olib, mashina ostiga o‘zimizni tashlaymiz. Hammamiz jonimizdan to‘ydik. Va'dalardan zerikdik, Baliqchi tumani hokimligi bizni bir yildan beri aldab kelmoqda. Kompensatsiya pulimizni undirib berishsin», deydi ayollardan biri.

Kun.uz muxbiri Baliqchi tumaniga borib, norozilik aksiyasida ishtirok etgan ayollar va hokimlik vakillari bilan uchrashdi.

Muammoning kelib chiqishi tarixi

Muammolar tuman hududidagi Chinobod shaharchasi «Iftixor» mahallasida joylashgan Bog‘i Eram ko‘chasidagi 65-umumiy uyni buzish ishlari ortidan boshlangan.

2018 yilning may-iyun oylarida Baliqchi tumaniga aholining ijtimoiy holatini o‘rganish uchun respublika ishchi guruhi kelgan. Ishchi guruh tomonidan «Iftixor» mahallasida 65-umumiy uyda yashovchi aholidan tushgan murojaat o‘rganilib, mazkur uy viloyat Arxitektura qurilish davlat nazorat inspeksiyasi, DSENM va Yong‘in xavfsizligi boshqarmasi tomonidan «yashash uchun yaroqsiz» deb topiladi va uning o‘rnida eski uyda yashagan xonadon egalari uchun 16 xonadonli ikki qavatli uy qurilishi boshlanadi.

Oradan bir yil o‘tgach esa tushunmovchiliklar kelib chiqqan.

2018 yilning mayidan beri Baliqchi tumaniga hokimlik qilib kelayotgan Jasur Abdurayimovning 2018 yil 12 iyun kungi «Baliqchi tumani Iftixor mahallasi hududida joylashgan yashash uchun yaroqsiz bo‘lgan 65-umumiy turar joylarni buzish to‘g‘risida»gi 2760-sonli qarori bilan ushbu uylarni O‘zbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasining 2000 yil 20 yanvardagi 18-sonli qarori bilan tasdiqlangan «Uylar va turar joylarni uy-joy fondidan chiqarish tartibi to‘g‘risida»gi Nizom talablari asosida to‘liq buzib tashlash ishlari boshlangan.