Vadim Abramov O‘zbekiston milliy jamoasi bosh murabbiyi etib tayinlangani ko‘pchilik muxlislar tomonidan xursandchilik bilan kutib olindi. Argentinalik Ektor Kuperning o‘rnini egallagan Abramov «Bunyodkor» mashg‘ulotlaridan so‘ng Tribuna.uz muxbiriga intervyu berishga rozi bo‘ldi.
Vadim Abramov 7 yildan so‘ng milliy jamoaga qaytishini katta mas'uliyat deb atadi. Murabbiy bu lavozimga qaytganidan xursandligini ham yashirmadi. Joze Mourino biror jamoaga qaytish haqida shunday degandi: «Sen qaysidir jamoaga qaytdingmi, demak oldingi kelganingda u uchun nimadir qilgansan». Abramov ham bejizga ortga qaytarilmadi. U milliy jamoaga ko‘p narsa bera olgan. Murabbiy qaytishi haqida shunday dedi:
«Bu lavozimga birinchi marta kelayotganim yo‘q, shu bois qandaydir noodatiy hisni tuymoqdaman deb aytmagan bo‘lardim. Albatta bu lavozim odamga katta mas'uliyat beradi. Menga ishonayotgan ko‘plab muxlislarni uyaltirmasligim kerak».
«Oldingi kelganimda hech kim bizdan mo‘jiza kutmagandi»
Abramovning aytishicha, bugungi milliy jamoa bilan oldin ishlagan jamoaning farqi bor: «Albatta, farq katta. Oldingi safar jamoani qabul qilib olganimda biz reytingda 108-o‘rinda edik va mendan shunchaki jamoa tuzish hamda Osiyo Kubogida sharmanda bo‘lmaslikni so‘rashgan. Menimcha, biz vazifani uddalagandik. Bundan tashqari, o‘shanda jamoani oldinroq qabul qilib olgandim. Men may oyida kelgan bo‘lsam, Osiyo Kubogi yanvarda o‘tkazilgandi. Hozir esa vaqt juda kam. 2 oktyabrda yig‘ilib, bir hafta ichida o‘yinlarga tayyorlanishimiz kerak. Qiyinchiliklar bor, lekin futbol shunday o‘yin. Umid qilaman, biz qiyin vaziyatdan chiqib keta olamiz».
«Men qayerga borayotganimni bilaman...»

Vadim Abramovdan milliy jamoaga qaytish uchun qanchalik harakat qilganini so‘radik: «Murabbiy uchun milliy jamoa bosh murabbiyi bo‘lish katta mas'uliyat. Men qayerga qarab ketayotganimni bilaman. Ko‘ramiz, eplarmikanman yoki yo‘q. Hozirgi futbolchilar bilan jahon chempionatida chiqish mumkinmi? Bu haqda hozirgi guruhdan chiqsak, nimadir deyishim mumkin. Avval futbolchilar bilan yaqinroq tanishib olishim kerak. Agar bu guruhdan chiqsak, imkoniyatlarimizni chamalasak bo‘ladi. Raqiblarimizda allaqachon 4 talab ochko bor, bizda esa birorta ochko yo‘q. Avval mana shu muammoni hal qilishimiz kerak».








