O‘zbekiston milliy jamoasi bosh murabbiyi Vadim Abramov 2 oktabr kuni boshlanadigan yig‘inga chaqirilgan futbolchilarning kengaytirilgan ro‘yxatini e'lon qildi. Unga ko‘ra, 28 nafar futbolchi 2 oktabr kuni Toshkentda boshlanadigan yig‘inga kirishadi va Abramov Yaman hamda Singapurga qarshi o‘yinlarga ulardan 23 nafarini ajratib oladi. Juda muhim o‘yinlar oldidan Abramov tanlagan tarkib qanchalik optimal?
Demak, oktyabrdagi yig‘inga quyidagi futbolchilar chaqirilgan:

Ko‘rib turganingizdek, tarkibda qator o‘zgarishlar bor. Abramov Kuperning oxirgi yig‘inlariga muntazam chaqirilayotgan Quvondiq Ro‘ziyev, Fozil Musayev, Davron Hoshimov, Botirali Ergashev, Doston Tursunov kabi futbolchilarni bosh jamoaning o‘ta muhim ikki o‘yiniga chaqirmaslikka qaror qildi. Bu esa murabbiyning qarashlari o‘zidan oldin ishlagan Kupernikidan keskin farq qilishini anglatadi.
Himoyadagi islohot

Abramovning jamoasida katta ehtimol bilan himoya chizig‘i yangilanadi. Kamida bitta pozitsiyada yangi futbolchi o‘ynashi aniq. O‘ng qanot himoyasida mamlakatning ayni damdagi tengsiz futbolchisi ekanini isbotlay olgan Hojiakbar Alijonov Kuper davrida doimiy milliy jamoaga chaqirilgan bo‘lsa-da, katta o‘yinlarda unga imkon berilmadi. Kuperning doimiy o‘ng qanot himoyachisi Davron Hoshimov bu gal yig‘inga chaqirilmadi. Bu esa Hojiakbar nihoyat asosiy tarkibda o‘ynashi mumkinligini ko‘rsatadi. Ikkinchi o‘ng qanot himoyachisi sifatida yig‘inga «Bunyodkor»dan Dilshod Ahmadaliyev jalb qilingan.
Yoshi o‘zgartirilgani sabab futboldan chetlatilgan va keyinchalik diskvalifikatsiyasi bekor qilingan Dilshod Ahmadaliyev o‘tgan vaqt mobaynida yaxshi o‘yinlar ko‘rsatdi va milliy jamoadan ilk bor chaqiruv oldi. Ammo uni ayni damda O‘zbekistonning eng yaxshi qanot himoyachilaridan deyish qiyin. Katta ehtimol bilan Abramov uni o‘z jamoasida o‘ynagani va yaxshiroq bilgani uchun chaqirgan. Ya'ni, murabbiy keyinchalik o‘ng qanotga boshqa variantlarni ko‘rib chiqishi ham mumkin. Masalan, «Nasaf»dagi Dilshod Saidov so‘nggi vaqtlarda yorqin o‘yin ko‘rsatmoqda (so‘nggi ikki o‘yinda «Nasaf» ikkita gol urdi va ikkisiga ham Dilshod assistentlik qildi).
Murabbiy himoya markazida ham yangilik qilishga qaror qildi. Anzur Ismoilov milliy jamoadagi faoliyatini yakunlagani uning o‘rniga yangi nomzodlar ko‘rib chiqilishini talab qilardi. Abramov hali hech qachon milliy jamoaga chaqirilmagan, ammo so‘nggi mavsumlarda chindan chempionatning eng yaxshi himoyachilaridan biri ekanini ko‘rsata olgan Umar Eshmurodovga terma jamoadan joy berdi. «Nasaf» ketma-ket futbolchilarini sotib yuborish «aksiyalari»ni o‘tkazgan Berdiyev himoyani ham boshqa chiziqlar kabi yangilashga majbur bo‘ldi. 2017 yilda «Sho‘rtan»dan olib kelingan Umar Eshmurodov tezda «Nasaf» asosiy tarkibiga moslashib ketdi va o‘tgan mavsumdan boshlab «Nasaf» sardoriga ham aylandi. Bo‘yi baland va markaziy himoyachiga kerak bo‘ladigan barcha xususiyatlarga ega bo‘lgan bu futbolchi kelajakda milliy terma jamoaning asosiy himoyachisi bo‘la oladi. Umid qilamizki, uning ishonchli o‘yinlari bosh jamoaga ham naf keltiradi.









