Kecha, 2 oktabr kuni «Tashkent book fest – 2019» I Toshkent xalqaro kitob ko‘rgazma-yarmarkasi o‘z ishini boshladi. Unda milliy va xalqaro nashriyot vakillari, sohada faoliyat yuritayotgan mutaxassislar va keng jamoatchilik vakillari ishtirok etmoqda.
Jumladan, Buyuk Britaniya, Germaniya, Janubiy Koreya, Rossiya, Turkiya, Qozog‘iston va Qirg‘iziston davlatlarining 18ta nashriyoti va 30dan ortiq mahalliy nashriyotlar o‘z kitoblarini jamoatchilikka namoyish qilmoqda.
Tadbirning tantanali ochilish marosimida so‘zga chiqqan Axborot va ommaviy kommunikatsiyalar agentligi direktori Komil Allamjonov xalqaro kitob ko‘rgazmasini tashkil etishdan ko‘zlangan maqsad va uning natijalari haqida gapirdi.

«Ko‘rgazma-yarmarkaning asosiy maqsadi – kitob va mutolaani targ‘ib qilish, ishtirokchi davlatlarning adabiy merosini qo‘llab-quvvatlash va rivojlantirish, mutolaa madaniyatini shakllantirish, jahon bosma sanoati tajribasini o‘rganish va nashriyotlar hamda kitob tarqatuvchilar, axborot-kutubxona muassasalari va kitob-mutolaa masalalariga mas'ul tashkilotlar o‘rtasida xalqaro aloqalarni o‘rnatishdan iborat», dedi u.
Ochilish marosimida so‘zga chiqqan xorijiy mehmonlar ham O‘zbekistonda kitobxonlik va kitob noshirligi sohasidagi olib borilayotgan ishlarni yuqori baholashdi. Xususan, Qozog‘iston Madaniyat va sport ishlari vazirligi Til siyosati Qo‘mitasi raisi Galimjan Meldeshov O‘zbekiston prezidenti Shavkat Mirziyoyev ilgari surgan «Beshta tashabbus» va uning doirasida yoshlar ma'naviyatini yuksaltirish va kitobxonlikni keng targ‘ib qilish borasida qilinayotgan ishlar qo‘shni davlatda ham ijobiy taassurot uyg‘otayotganini ta'kidladi.

Germaniyaning Klett nashriyoti xodimi Sandra Ramspergerning fikricha, ko‘rgazma mehmonlari nemis tilidagi kitoblarga va german tiliga qiziqish bilan qaramoqda.
«Ta'kidlash joizki, nashriyotimiz Germaniyaning eng yaxshi maktab nashrlarini chop etadi. Bundan tashqari, turli xorijiy tillardagi kitoblarni ham bosmadan chiqaramiz», - deydi u.









