Buxoro viloyatining Kogon tumanidagi «Tuni Iroq» mahallasida joylashgan 15-o‘rta maktabning 5-sinf va undan yuqori sinf o‘quvchilari 29 sentabr, yakshanba dam olish kuni paxta tergani chiqqan, bu haqda Kun.uz o‘z surishtiruvi natijalarini e'lon qilgan edi.

Dastlab, Repost.uz nashri anonim manbaga tayanib 15-maktabning kamida 13 nafar o‘quvchisi Taytal qishlog‘i yaqinidagi «Alinoz Shergiron» va «Barno Bahrom» fermer xo‘jaligi dalalarida paxtaga olib chiqilgani, bu ishlarning boshida tuman hokimi Yo‘ldosh Jumayev turgani ta'kidlangan xabar va paxta paykalidagi bolalarning suratini chop etgandi.

Foto: Repost.uz

Kun.uz muxbirlari 15-maktabda bo‘lishganida, direktor J.Saidov va tuman XTB mudiri B.Qurbonov o‘qituvchilar yoki maktab o‘quvchilariga paxta yig‘im-terimiga majburiy chiqarish haqida buyruq berilmaganini ta'kidlashdi. Biz suhbatlashgan maktab yuqori sinf o‘quvchilarining aksariyati buni tasdiqlab berishdi.

Biroq ayrim o‘quvchilar paxtaga chiqqani bilinib turardi. Ularning barmoqlarini chanoq shilgani ko‘rinib turardi.

«Tuni Iroq» mahallasida istiqomat qiluvchilarning aytishicha, qishloqda ko‘pchilik maktab o‘quvchilarining otalari Rossiyada mehnat migratsiyasida. Paxta mavsumida ularning onalari paxta terimga chiqishadi. Bolalar daladagi yaqinlariga choy yoki ovqat tashishadi. O‘zlari ham onalariga, opalariga paxta terishda ko‘maklashishadi. Qaytishda fartukda mol-qo‘ylariga o‘t yulib qaytishadi. Bu — yillar davomida shakllangan an'ana.

Buxoro viloyat hokimligi matbuot xizmati mazkur xabar va fotosuratni Repost.uz saytiga yuborgan insonni topgan va masalaga oydinlik kiritgan.

«29 sentabr va 1 oktabr kunlari chindan ham ayrim o‘quvchilar ota-onalariga qo‘l-qanot bo‘lish (o‘t-xashak jamg‘arish), ularga yordam berish (zarurat yuzasidan xabar yetkazish) maqsadida paxta dalasida bo‘lishgan», — deyiladi hokimlik xabarida.

«Alinoz Shergiron» fermer xo‘jaligi Hoji Fayziyev o‘quvchilar paxta terimiga jalb etilmagani, hosil esa qishloqlar aholisi, yoshlardan iborat otryad tomonidan yig‘ishtirib olinayotganini ma'lum qilgan. O‘quvchilarni paxta terimiga jalb etishga oid tuman hokimi buyrug‘i va xalq ta'limi bo‘limi mudirining ko‘rsatmasi bo‘lgani haqida gaplar asossiz ekanligini aytgan.