Buxoro viloyatining Kogon tumanidagi «Tuni Iroq» mahallasida joylashgan 15-o‘rta maktabning 5-sinf va undan yuqori sinf o‘quvchilari 29 sentabr, yakshanba dam olish kuni paxtaga chiqarilgani haqida Repost.uz xabar berdi.

Nashr xabarida 15-maktabning kamida 13 nafar o‘quvchilari Taytal qishlog‘i yaqinidagi «Alinoz Shergiron» va «Barno Bahrom» fermer xo‘jaligi dalalarida paxtaga olib chiqilgani, bu ishning barchasining boshida tuman hokimi Yo‘ldosh Jumayev turgani ta'kidlangan.
Keyinroq, Buxoro viloyati hokimligi matbuot xizmati mazkur voqeaga o‘z rasmiy munosabatini bildirdi.
Unga ko‘ra, Repost.uz xabarida keltirilgan holatlar maxsus ishchi guruhi tomonidan dastlabki o‘rganilgan va xabarda tilga olingan jihatlar uydirmadan boshqa narsa emasligi ma'lum qilingan.
Buxoro viloyat hokimligi matbuot xizmatining rasmiy bayonotida Kogon tuman hokimligi, Kogon tumanidagi 15-maktab direktori Jamol Saidov, viloyat xalq ta'limi boshqarmasi boshlig‘i Amirillo Safarov va Kogon tuman xalq ta'limi bo‘limi mudiri Bahron Qurbonov masala yuzasidan o‘z fikrlarini bayon etib, xabar uydirma ekanligini ta'kidlab o‘tishgan.
Kun.uz muxbirlari Kogon tumanidagi «Tuni Iroq» MFYda joylashgan 15-maktabda bo‘lib masalaga oydinlik kiritishga harakat qilishdi. Biz borganimizda viloyat hokimligi matbuot kotibi O.Jo‘rayev va bir necha jurnalistlar va mas'ul rahbarlar maktab hududida ekan.



15-o‘rta maktab direktori J.Saidov 2011 yilda qurilgan yangi maktabda 670 nafar bola ikki smenada o‘qishini ta'kidlab, 5-11 sinf o‘quvchilari soni 400 nafarligini aytib o‘tdi. «Agar maktab tomonidan yoppa paxtaga chiqqanida suratlarda 4-5 ta bolakay emas, kamida yuzlab bola paxta dalasida bo‘lardi», dedi direktor. Shuningdek, direktorga ko‘ra, Repost.uz xabarida suratlari e'lon qilingan bolalarning hammasi ham ushbu maktabda o‘qimasligini aytdi.



















