Jahon | 08:57 / 24.10.2019
9309
3 daqiqa o‘qiladi

Dunyo kompaniyalarining eng samarador rahbarlari reytingini e'lon qilindi 

Jyensen Xuan / Foto: Patrick T. Fallon / Bloomberg

AQShning Harvard Business Review (HBR) nashri dunyo kompaniyalarining eng samarador bosh direktorlari yuztaligini tuzdi

Reytingga ko‘ra, 1-o‘rinni AQShning NVIDIA kompaniyasi hamasoschisi, prezidenti va bosh direktori 56 yoshli Jyensen Xuan egalladi. 

Ta'kidlanishicha, Xuan Tayvanda tug‘ilib, 10 yoshida AQShdagi qarindoshlarinikiga ko‘chib o‘tgan, u yerda Oregon universitetining muhandis-elektrik diplomini olgan. So‘ngra Kremniy vodiysiga o‘tib, AMD protsessorini ishlab chiqaruvchi kompaniya va LSI Corporation’da ishlagan. 

Xuan 1993 yilda Sun Microsystems’ning sobiq xodimi Kris Malaxovski va do‘sti Kertis Prem bilan birga videokartalar ishlab chiqaruvchi NVIDIA kompaniyasiga asos solgan. O‘shanda kompaniyani tashkil etishga kiritilgan sarmoya qiymati 40 ming dollarni tashkil qilgan, hozirda esa kompaniya kapitallashuvi 100 mlrd dollardan oshadi. Forbes ma'lumotlariga ko‘ra, Xuanning shaxsiy boyligi 4,6 mlrd dollarga baholanadi.  

2-o‘rinni dasturiy ta'minot ishlab chiqaruvchi Salesforce kompaniyasi asoschilaridan biri Mark Benioff (bu lavozimni 2001 yildan egallab keladi), 3-o‘rinni Kering fransuz kompaniyasi direktorlar kengashi raisi Fransua-Anri Pino (kompaniya uchun ishlashni boshlagan yili 2005 yil), 4-o‘rinni Texas Instrumens prezidenti Richard Templton (2004 yil) egallagan. Yetakchi beshtalikdan Iberdrola bosh direktori Ignasio Galan ham o‘rin olgan (2001 yil).

Reytingning oxirgi o‘rnini Brookfield Asset Management kompaniyasi bosh direktori Bryus Flett egalladi.

Reytingni tuzgan ekspertlarning ta'kidlashicha, o‘tgan yilgi reytingga kiritilgan 65 kishi joriy yilgi reytingga ham kiritilgan. Undan chiqib ketganlar orasida esa Amazon rahbari Jyeff Bezos kabi “gigantlar” ham bor. Bu esa reytingni tuzishdagi hisob-kitob usuli o‘zgargani bilan tushuntirilgan.

Shuningdek, reytingga kam sonda ayollar kiritilgani qayd etib o‘tilgan. Ro‘yxatdan bor-yo‘g‘i 4 ayol rahbar o‘rin olgan: Wolters Kluwer rahbari Nensi Makkinstri (16-o‘rin), Advanced Micro Devices rahbari Liza Su (26-o‘rin), Ventas rahbari Debra Kafaro (29-o‘rin) va Lockheed Martin rahbari Merilin Xyuson (37-o‘rin). 

“Bu holat ko‘rsatkichlar bilan emas, balki umuman kompaniyalarda rahbarlik lavozimlarini ayollar kam egallagani bilan bog‘langan. Biz buni ranjituvchi holat deb hisoblaymiz”, deb aytilgan HBR’da.

Шуҳрат Раҳимов
Tayyorlagan Шуҳрат Раҳимов
Kun.uz yangiliklarini Google News'da kuzating
+ Obuna bo'lish

Mavzuga oid