O‘zbekiston | 13:55 / 16.11.2019
26901
3 daqiqa o‘qiladi

O‘zbekistonda faqat generallarning harbiy unvoni prezident qarori bilan pasaytirilishi mumkinligi belgilanmoqda

Foto: Prezident matbuot xizmati

O‘zbekiston Respublikasining “Umumiy harbiy majburiyat va harbiy xizmat to‘g‘risida”gi Qonuniga o‘zgartish va qo‘shimchalar kiritiladi.

Muhokama uchun e'lon qilingan hujjatga ko‘ra, qonunning 9-moddasi (Harbiy xizmatchilar va harbiy xizmatga majburlar tarkibi. Harbiy unvonlar) to‘qqizinchi va o‘ninchi qismlari quyidagi tahrirda bayon etiladi:

“Harbiy burchni jiddiy tarzda buzganlik, hokimiyatni suiiste'mol qilganlik, zimmasiga qonunlar va umumharbiy nizomlar bilan yuklatilgan talablar va majburiyatlarni favqulodda vaziyatlarda bajarmaganlik uchun generallar tarkibidagi shaxslarning harbiy unvonlari O‘zbekiston Respublikasi Prezidentining qarori bilan pasaytirilishi mumkin.

Ofitserlar tarkibiga mansub harbiy xizmatchilarni, shu jumladan rezerv yoki zaxiradagi shaxslarni harbiy unvondan ular og‘ir va o‘ta og‘ir jinoyat uchun hukm etilganlarida faqat sudning qarori bilan mahrum qilish mumkin.”.

Amaldagi tahrirga ko‘ra, harbiy burchni jiddiy tarzda buzganlik, hokimiyatni suiiste'mol qilganlik, zimmasiga qonunlar va harbiy ustavlar bilan yuklatilgan talablar va majburiyatlarni favqulodda vaziyatlarda bajarmaganlik uchun katta ofitserlar va generallar tarkibidagi shaxslarning harbiy unvonlari O‘zbekiston Respublikasi Prezidenti — O‘zbekiston Respublikasi Qurolli Kuchlari Oliy Bosh qo‘mondonining qarori bilan pasaytirilishi mumkin.

Ofitserlar tarkibiga kiruvchilarni harbiy unvondan ular og‘ir va o‘ta og‘ir jinoyat uchun hukm etilganlarida faqat sudning qarori bilan mahrum qilish mumkin.

Shuningdek, yuqoridagi modda quyidagi mazmundagi o‘n birinchi qism bilan to‘ldiriladi:

“Serjantlar tarkibiga mansub harbiy xizmatchilarni harbiy unvondan mahrum etish harbiy xizmatchi tomonidan nojo‘ya xatti-harakatlar sodir etilgani uchun boshqa intizomiy jazo choralari yetarli bo‘lmagan taqdirda sud yoki vazirliklar, davlat qo‘mitalari va idoralar rahbarlarining qarori bilan amalga oshirilishi mumkin.”.

Mavzuga oid