O‘zbekiston | 13:53 / 29.11.2019
15903
2 daqiqa o‘qiladi

O‘zbekistonda repetitorlarga litsenziya olish talab etilishi mumkin

Foto: Shutterstock

Qonunchilik palatasining Fan, ta'lim, madaniyat va sport masalalari qo‘mitasida yangi tahrirdagi “Ta'lim to‘g‘risida”gi qonun loyihasini ikkinchi o‘qishga tayyorlash ishlari jadal davom etmoqda.

Hukumat tomonidan kiritilgan ta'lim tizimiga jismoniy shaxslarning yakka tartibda pedagogik faoliyat bilan shug‘ullanish – repetitorlik haqidagi norma ishchi guruhi a'zolarining keskin tanqidiga sabab bo‘ldi. Qonunchilik palatasi deputati Shuhrat Bafayev ushbu norma amaldagi qonunning predmeti bo‘lmagani sababli mazkur qonun loyihasida qolishi maqsadga muvofiq emas, deb hisoblaydi.

Shuningdek, maxsus malakaga ega bo‘lgan shaxslar repetitorlik bilan shug‘ullanishi mumkinligi va ushbu faoliyatni amalga oshirish uchun yuridik shaxs maqomiga ega bo‘lish hamda litsenziya olish talab etilmasligi ishtirokchilar tomonidan tanqid ostiga olindi.

Qonunchilik palatasining deputati Quvondiq Jumaniyozov mazkur qo‘shimchaning kiritilishiga qo‘shilmaslik va uni qonun loyihasidan chiqarish taklifini bildirdi. Deputat, repetitorlik ta'limning alohida ko‘rinishimi yoki yo‘qmi, degan savolni o‘rtaga tashladi.

K. Jumaniyozovning qayd etishicha, bu mustaqil ravishda bilim olishning alohida ko‘rinishidir. Bunday ta'lim yakunida repetitorlar diplom yoki sertifikat bermaydi, o‘qitish uslublari Davlat ta'lim standartlariga mos kelmaydi. Mazkur masalalar ushbu qonunda tartibga solinishi kerak.

Jonli tarzda kechgan tortishuvlardan keyin ishchi guruhi a'zolari qonun loyihasi yuzasidan respublikaning har bir hududida muhokamalar tashkil etish zarurligi, internet tarmog‘ida ham jamoatchilik fikrini o‘rganish kerakligi, olim va ekspertlar xulosalarini olish zarurligi haqida yakdil fikrga keldilar.

Mavzuga oid