Putinning yana bir generali oʻldirildi

Rossiya Qurolli kuchlarining Janubiy qoʻshinlar guruhi 4-motooʻqchi brigadasi qoʻmondoni, general mayor Anton Grunis halok boʻldi. Bu maʼlumotni Rossiya armiyasining «Axmat» boʻlinmasi qoʻmondoni Apti Alaudinov tasdiqlagan.

Alaudinov general oʻlimi tafsilotlarini maʼlum qilmadi: u Grunis «oʻz burchini bajarib, qahramonlardek ketganini» taʼkidladi.

Ukraina armiyasining dronlar boʻlinmasi qoʻmondoni Madyar esa – rus generali 12-sentabrga oʻtar kechasi Donetsk hududida oʻldirilganini maʼlum qildi. Uning soʻzlariga koʻra, general Ukraina dronlari zarba bergan dislokatsiya punktida boʻlgan. Shuningdek, Madyar Grunis boʻlgan obyektga berilgan dron zarbasi videosini ham joylashtirdi.

General Anton Grunis iyul oyida prezident Putinga hisobot berib, Konstantinovka goʻyoki toʻliq egallangani aytgandi. U bir oydan soʻng Rossiya Qahramoni yulduzi bilan taqdirlangan. Shunga qaramay, Konstantinovka hali ham toʻliq Rossiya nazoratiga oʻtgani yoʻq. Urush tahlilchilari shahar hududida davom etayotgan janglarni qayd etmoqda.

Ukraina tomoniga koʻra, Grunis – dron zarbalari natijasida oʻldirilgan Rossiyaning yettinchi yuqori martabali harbiysidir.

Bir necha kun oldin rus pabliklari Donetskdagi qoʻmondonlik punktiga berilgan zarba oqibatida rossiyalik general-leytenant Sergey Milchakov ham halok boʻlganini yozgandi.

Yevropa-Kanada hamkorligi

AQSH prezidenti Donald Tramp agar Yevropa Ittifoqining Kanada bilan hamkorligi yanada kengayishda davom etsa, ular bilan savdo-sotiqni toʻxtatishga tayyorligini bildirdi.

«Men buni bemaʼnilik deb hisoblayman», dedi Amerika yetakchisi Shimoliy Karolinadagi saylovoldi tadbiri chogʻida. «Agar ular (yevropaliklar) shunday qilsa va men buni hatto zarracha doʻstona boʻlmagan harakat deb bilsam, juda yuqori bojlar kiritaman yoki Yevropa bilan savdo-sotiqni toʻxtataman. Agar niyatlari yaxshi boʻlsa, hammasi joyida», dedi Tramp.

16-sentabr kuni Yevrokomissiya rahbari Ursula fon der Lyayen Yevroparlamentda Kanada bosh vaziri Mark Karni bilan chiqish qildi. U Yevropa Ittifoqi Kanada bilan munosabatlarini «mumkin boʻlgan eng yuqori darajaga» olib chiqmoqchi ekanini aytgandi. Yevrokomissiya rahbari, shuningdek, «Kanada Yevropaning birinchi assotsiatsiyalangan aʼzosi boʻlishi»ni xohlamoqda.