O‘zbekiston | 16:40 / 06.12.2019
10649
3 daqiqa o‘qiladi

«Senatorlarning xususiy bandlik agentliklarini yo‘q qilish kerakligi haqdagi fikri noto‘g‘ri» – vazir o‘rinbosari

Foto: Axborot va ommaviy kommunikatsiyalar agentligi

Bugun, 6 dekabr kuni, Axborot va ommaviy kommunikatsiyalar agentligida Bandlik va mehnat munosabatlari vazirligi yillik hisobotiga bag‘ishlangan matbuot anjumani bo‘lib o‘tdi. Unda Prezidentning «2019 yilda aholi bandligini ta'minlash va yangi ish o‘rinlarini tashkil etish bo‘yicha davlat buyurtmasi to‘g‘risida»gi qarori va «Xususiy bandlik agentliklari to‘g‘risida»gi qonun ijrosi yuzasidan ma'lumotlar taqdim etildi.

Bandlik va mehnat munosabatlari vaziri o‘rinbosari Bahodir Umrzoqov xususiy bandlik agentliklari faoliyati yuzasidan bildirilayotgan salbiy mulohazalarga munosabat bildirdi.

«Yaqinda Senatda xususiy bandlik agentliklari to‘g‘risida hisobot berganimda, senatorlar bunday agentliklarni yo‘q qilish kerak, bular mutahham, noinsof odamlar, degan fikrlarni bildirishdi. Bu noto‘g‘ri, chunki biz monopoliyadan voz kechishimiz kerak. O‘zbekistonda xususiy agentliklar qanchalik ko‘p bo‘lsa, shunchalik poraxo‘rlik kam bo‘ladi, degan fikrdamiz. Markazlashish bu illat yanayam oshib ketishiga sabab bo‘ladi. Bundan buyog‘iga xorijga fuqarolarni ishga jo‘natish jarayonini samarali tizimga aylantirishimiz kerak. Raqobat, shaffoflik oshib borishi kerak», deya vazir o‘rinbosarining so‘zlarini keltirmoqda Kun.uz muxbiri.

Vazirlik boshqarma boshlig‘i Dilmurod Isaqulovning qo‘shimcha qilishicha, vazirlik tomonidan xususiy bandlik agentliklari faoliyati bo‘yicha bir nechta ta'sirchan choralar ishlab chiqildi. Xususan, ma'muriy javobgarlik to‘g‘risidagi kodeksga «xususiy bandlik agentliklari to‘g‘risidagi qonun hujjatlarini buzish» moddasi kiritilmoqda. Qonunchilik talablarini buzgan fuqarolarga bazaviy hisoblash miqdori (BHM)ning 10 baravaridan 15 baravarigacha miqdorda jarima solishga sabab bo‘ladi. Bu bir yil davomida takror sodir etilsa, BHMning 25 baravaridan 30 baravargacha jarima solinadi.

Mavzuga oid