Jamiyat | 15:00 / 08.12.2019
80794
4 daqiqa o‘qiladi

Ichki ishlar xodimi qoidabuzar haydovchini tutish uchun qurol ishlatdi

Toshkent shahar IIBB xodimi mast holatda yo‘l-transport hodisasi sodir etgan va xodimlarga qurol bilan po‘pisa qilgan haydovchini qo‘lga olish chog‘ida qurol qo‘llashga majbur bo‘ldi.

8 dekabrga o‘tar kechasi Toshkent shahar IIBB xodimi mast holatda bo‘lgan va pichoq bilan tahdid qilgan haydovchini qo‘lga olish uchun qurol ishlatdi. Hodisa tafsilotlari IIBB matbuot xizmati tomonidan keltirilgan.

7 dekabrdan 8 dekabrga o‘tar tunda taxminan soat 3:10da Chilonzor tumanidagi Muqimiy va Baynalminal ko‘chalari kesishmasida «Labo» rusumli avtomobilni boshqarib borgan haydovchi beton to‘siqqa to‘qnashgan. YTH natijasida «Labo» ag‘darilib ketgan. Haydovchiga yordam berish uchun IIBB xodimlari va hodisa guvohlari kelib, avtomobilni g‘ildiraklariga o‘nglab qo‘yishgan. 

Lekin haydovchi kabinadan chiqmagan. Voqea joyiga birinchi bo‘lib yetib kelgan PPX xodimi yo‘l harakati xavfsizligi xizmatiga YTH haqida xabar bergan. PPX xodimi haydovchidan tibbiy yordam kerakligi haqida so‘ramoqchi bo‘lganida haydovchining g‘ayritabiiy harakatlari va gaplariga, harakatlarida muvofiqlik yo‘qligiga e'tibor qaratib, bu haqda YPX inspektorlarini ogohlantirgan. 

«Taxminga ko‘ra haydovchi psixotrop vositalar yoki spirtli ichimliklar ta'siri ostida bo‘lgan. Kutilmaganda haydovchi YTH joyiga yetib kelgan YPX inspektorlariga qarshilik ko‘rsata boshlab, tinchlanish va jamoat tartibini saqlash haqidagi chaqiruvlarga javoban tajovuzkorona harakatlar qilgan. Yonidagi pichog‘ini chiqarib, kimda kim yaqinlashsa unga jarohat yetkazishi bilan qo‘rqitardi.

O‘tib ketayotgan haydovchi va piyodalar to‘xtab tomosha qila boshlaganlari sababli hodisa atrofida odam ko‘paya boshlagach, fuqarolar va xodimlar hayoti va sog‘lig‘i uchun real xavf yuzaga keldi. Shunda YPX inspektori kichik serjant T.O. tabel qurolini qo‘llashga qaror qiladi. YPX inspektori bir necha marta haydovchini qo‘rol qo‘llashi haqida ogohlantirishiga qaramasdan, haydovchi o‘zini agressiv tutishda davom etib, xodimlarga pichoq sanchimoqchi bo‘lgan. Shundan so‘ng YPX inspektori yo‘riqnomaga muvofiq harakat qilib, osmonga o‘q uzdi, bu ham qoidabuzarga ta'sir qilmaganidan so‘ng, uning oyog‘iga qarata o‘q o‘zdi. Faqatgina shundan so‘ng qoidabuzar pichog‘ini tashladi. Uning qo‘llari kishanlanib, tibbiy yordam ko‘rsatish uchun shifoxonaga yetkazildi», deyiladi IIBB xabarida.

Haydovchining shaxsini aniqlash bo‘yicha olib borilgan ishlar natijasida u – Shayxontohur tumanida yashovchi, muqaddam O‘zbekiston Respublikasi Jinoyat kodeksining 97 («Qasddan odam o‘ldirish») va 109-moddalari («Qasddan badanga yengil shikast yetkazish») bo‘yicha sudlangan 43 yoshli Nusrat I. ekani ma'lum bo‘ldi.

«Labo» avtomobili salonida ochiq holatdagi aroq va konyak shishalari ham topilgan. Hozirgi vaqtda fuqaro Nusrat I. o‘z harakatlarini tushuntirishga qodir emas, chunki u ayni damgacha mast holatdadir», deyiladi xabarda. 

Ayni vaqtda Chilonzor tumani prokuraturasi Nusrat I.ga nisbatan jinoiy ish qo‘zg‘atilishi masalasi bilan shug‘ullanmoqda.

Toshkent shahar IIBB boshlig‘i general-mayor Jo‘rayev R. xodimlarni rag‘batlantirish haqida topshiriq bergan.

Mavzuga oid