Pulning qadri qolmadi, qanchalik ko‘p daromad topsak ham, ro‘zg‘orga yetmayapti, deydiganlar oz emas oramizda. Chindan ham so‘nggi yillarda tovar va xizmat narxlari keskin oshib ketdi. Natijada pul qadrsizlandi. Buning juda ko‘p omillari bor.

Oddiy misol: non narxi erkinlashtirildi. O‘z-o‘zidan narx ham yuqorilashdi. Yana bir necha omillar pul qadrsizlanishiga olib keldi. Ushbu holat iqtisodiyotda «inflatsiya» tushunchasi bilan izohlanadi va uning darajasi qanchalik yuqori bo‘lsa, aholining xarid qobiliyati shuncha pasayadi. Aslida, inflatsiya eng rivojlangan davlatlar iqtisodiyotida bor, agar u normal (4 foiz) holatda bo‘lsa, xavf tug‘dirmaydi. Ammo O‘zbekiston sharoitida o‘rtacha 13-14 foiz bo‘lgan inflatsiya yirik muammo hisoblanadi. Umuman olganda, inflatsiya darajasini pasaytirish imkoni bormi? Unga qanday omillar ta'sir ko‘rsatadi?

«Inflatsiyaning oshishi aholiga soliq yukini oshiradi»

Moliya vaziri Jamshid Qo‘chqorov Oliy Majlis Qonunchilik palatasida «2020 yil uchun O‘zbekiston Respublikasining Davlat budjeti to‘g‘risida»gi qonuni loyihasi muhokamasi vaqtida inflatsiya darajasi, uning yuqoriligiga sabab bo‘lgan omillar bo‘yicha quyidagi ma'lumotni taqdim etgandi.

«Iqtisodiy sohada tarkibiy islohotlar amalga oshirilayotgan holatda joriy yilda inflatsiya darajasi nisbatan baland bo‘lishi va u 15,5 foizni tashkil etilishi kutilyapti. Inflatsiyani keyingi yilda 12,5-13 foizgacha pasaytirish, 2022 yil yakuni bilan esa 9-9,5 foizgacha pasaytirish lozim bo‘ladi. Buning uchun monetar va fiskal sohada muvofiqlashtirilgan holda qilinadigan choralar, raqobatbardosh iste'mol mahsulotlari ishlab chiqarishni ko‘paytirishning aniq yo‘nalishlari amalga oshiriladi. Umumiy fiskal taqchillikni 2022 yilgacha YaIMga nisbatan 1,5 foizgacha kamaytirish maqsad qilinmoqda.

Yaqinda Xalqaro valuta jamg‘armasining Kavkaz va Markaziy Osiyo bo‘yicha iqtisodiy prognozlari e'lon qilindi. Unga ko‘ra, O‘zbekistondagi inflatsiya MDHdagi eng yuqori ko‘rsatkich, deb qayd etildi. Bunga bir necha omil sabab bo‘lgan.