Sport | 18:48 / 15.12.2019
21994
2 daqiqa o‘qiladi

O‘zbekiston U23 jamoasini Osiyo chempionatiga kuzatish marosimi o‘tkazildi

Foto: Tribuna.uz

Toshkentdagi «Ramada» mehmonxonasida 23 yoshgacha bo‘lgan O‘zbekiston milliy jamoasini Osiyo chempionatiga kuzatish marosimi o‘tkazildi. Serbiyalik Lyubinko Drulovich murabbiyligidagi jamoa avval BAAga yo‘l oladi. U yerda yig‘in o‘tkazgach, Tailanddagi Osiyo chempionatiga boradi va 9 yanvardan bahslarga kirishadi.

Tokio olimpiadasi yo‘llanmasi o‘ynaladigan musobaqani «C» guruhida boshlaydigan O‘zbekiston 1-turni 9 yanvar kuni Eronga qarshi o‘tkazadi. 12 yanvar kuni Xitoy, 15 yanvar kuni Janubiy Koreyaga qarshi o‘yinlar o‘tkaziladi. Guruhdan ikki jamoa keyingi bosqichga chiqadi. Chorak finalda g‘olib bo‘lganlar yarim finalda Olimpiada yo‘llanmasi uchun kurashadi. Osiyo chempionatida birinchi, ikkinchi va uchinchi o‘rinni olgan jamoalargina Tokio olimpiadasiga yo‘llanma oladi.

Musobaqaga amaldagi chempion sifatida yo‘l olayotgan o‘zbekistonlik futbolchilar olimpiya qo‘mitasi va O‘FA tomonidan tashkil etilgan tadbirda tantana bilan kuzatib qo‘yildi. Tadbir avvalida so‘zga chiqqan DXX raisi va O‘FA prezidenti Abdusalom Azizov futbolchilarga omad tiladi: «Barchangizga bo‘lajak musobaqada omad tilayman. Umid qilaman, yuzimizni yorug‘ qilib qaytasizlar. Sportchilarni rag‘batlantirish borasida hammasi joyida bo‘ladi»,— dedi Azizov.

Tadbirda mamlakatning mashhur sportchilari, murabbiylar, OAV xodimlari va sportchilarning ota-onalari qatnashdi. Mehmonlar uchun dasturxon tuzaldi va Qur'on tilovat qilinib, futbolchilarga omad tilandi. Tadbir oxirida Sevara Nazarxon o‘zining mashhur «Ulug‘imsan vatanim» qo‘shig‘ini kuylab, sportchilarga jo‘shqinlik bag‘ishladi.

 

Mavzuga oid