O‘zbekiston | 17:26 / 18.12.2019
12041
3 daqiqa o‘qiladi

Prezident Yaponiya kompaniyalari va moliyaviy tuzilmalarini O‘zbekistonga taklif etdi

Foto: Prezident matbuot xizmati

O‘zbekiston Respublikasi prezidenti Shavkat Mirziyoyev Tokio shahrida Yaponiya ishbilarmon doiralari vakillari bilan uchrashuv o‘tkazdi.   

Prezident matbuot xizmatiga ko‘ra, uchrashuvda JETRO, JICA, JABIC, NEDO, JOGMEC, Mitsubishi, Itochu, Sumitomo, Marubeni, Isuzu kabi korporatsiya va kompaniyalar, moliyaviy tuzilmalar rahbarlari ishtirok etdi. 

Uchrashuv avvalida 16 dekabr kuni Tokioda bo‘lib o‘tgan Yaponiya - O‘zbekiston biznes forumi natijalari haqida axborot berildi.

Prezident Yaponiya kompaniyalari va moliyaviy tuzilmalarini O‘zbekistonda investitsiya loyihalarini amalga oshirishda faol ishtirok etishga taklif etdi. 

– Yaponiya – bizning strategik sherigimiz. O‘zbekistonda iqtisodiyot tarmoqlari va infratuzilmani modernizatsiya qilish bo‘yicha hamkorlikda ko‘p ishlar qilindi. Biz bu aloqalar tarixida yangi sahifa ochish niyatida keldik. Savdo, energetika, geologiya, kimyo, transport, turizm, meva-sabzavotlarni qayta ishlash va xizmat ko‘rsatish tarmoqlarida imkoniyatlar, yangi loyihalar ko‘p, – dedi Shavkat Mirziyoyev.

Iqtisodiyot tarmoqlari va hududlarga to‘g‘ridan-to‘g‘ri xorijiy investitsiyalar faol jalb etilmoqda. Xorijiy investorlar uchun keng imkoniyatlar yaratilmoqda. Ular faoliyatini rag‘batlantirish va himoya qilish uchun zarur normativ-huquqiy hujjatlar qabul qilindi. Biznesni rivojlantirish yo‘lidagi turli to‘siqlarga barham berildi, tashqi savdo va bojxona-tarif nazorati sezilarli darajada qisqartirildi.  

Ishbilarmonlik muhitini yaxshilashga qaratilgan ushbu yangilanishlar natijasida Jahon bankining "Biznesni yuritish – 2020" reytingida O‘zbekiston oxirgi bir necha yil ichida 100 pog‘onaga ko‘tarilib, 69-o‘rinni egalladi hamda yigirmata eng namunali islohotchi davlat qatoriga kirdi. Yangi korxona ochish qulayligi bo‘yicha mamlakatimiz ilk bor dunyoda sakkizinchi o‘rinni egalladi.
 
Prezident O‘zbekistonda amalga oshirilayotgan islohotlar ortga qaytmasligini, iqtisodiyot izchil modernizatsiya qilinishini ta'kidladi. 

Yaponiyalik tadbirkorlar yurtimizdagi o‘zgarishlarni yuqori baholadi. Valuta tizimining liberallashtirilishi, viza olish tartibining soddalashtirilishi o‘zaro manfaatli hamkorlikni kengaytirish uchun qulay imkoniyatlar yaratganini ta'kidladi. Ular O‘zbekiston prezidentining rasmiy tashrifi ikki mamlakat ishbilarmon doiralari o‘rtasidagi o‘zaro manfaatli aloqalarni yangi mazmun bilan boyitishiga ishonch bildirdi.
 
Uchrashuvda ikki mamlakat kompaniyalari va moliyaviy tashkilotlari o‘rtasidagi sheriklikni yanada rivojlantirish masalalari, qo‘shma dastur va loyihalarni amalga oshirish, o‘zaro tovar yetkazish va xizmat ko‘rsatish hajmini oshirish masalalari muhokama qilindi, deyiladi xabarda.

Mavzuga oid