Vetnam poytaxti Xanoyda o‘zingizni xuddi o‘tmishda yurgandek his etasiz. Eski shaharning tor va qarovsiz ko‘chalari, transport vositalarining tartibsiz harakati, qadimiy binolar, tarixiy ibodatxonalar, tinim bilmay mehnat qilayotgan oddiy odamlar – bularning bari Xanoyda har bir qadamingizda duch kelishingiz mumkin manzaradir.
Biroq Xanoyda ko‘rkam shahar qiyofasi, zamonaviy megapolis andozasi ham yo‘q emas. Poytaxtning har bir burchagida kichik bo‘lsa ham do‘konlarni topasiz. Odamlar kun-u tun tinim bilmay sayyohlarga qandaydir xizmatni taklif qilish bilan ovora: kimdir o‘z oshxonasini ochgan, yana kimdir qo‘lda yasalgan bosh kiyimlarini sotadi yoki yo‘lovchilarni aravada manziliga yetkazadi, ba'zilar yangi uzilgan mevalardan muzdekkina sharbat tayyorlaydi... Xullas, bu yerda tadbirkorlik yaxshigina rivojlangan.
Vetnam haqida avvalroq alohida maqola tayyorlangan edi. Bugun esa uning dunyoga mashhur, sayyohlar bilan doimo gavjum poytaxti Xanoy haqida to‘xtalib o‘tamiz.
Xanoyga borsangiz, zerikmasligingiz aniq, lekin tashrifdan avval qayerga borish mumkinligi haqida reja qilib olish maqsadga muvofiq. Biz Xanoyda borish qat'iy tavsiya etiladigan 5ta eng asosiy maskanlar ro‘yxatini tuzib chiqdik.
1. Old Quarter – Eski mavze

Old Quarter – Xanoyning eng asosiy tashrif qog‘ozi, desak ham bo‘ladi. O‘z nomi bilan eski shahar ruhini o‘zida mujassam etgan bu hududda ko‘plab restoran, mehmonxonalar, savdo nuqtalari mavjud. Ko‘p sonli ko‘chalar bo‘ylab piyoda yurib, mahalliy aholining odatiy hayotini kuzatish mumkin.
Old Quarter suvenir va esdalik sovg‘alar xarid qilish uchun ham yaxshi joy. Faqatgina bir muammo: ko‘chada mototsikl va skuterlar ko‘pligidan oyoq bosishga joy topa olmaysiz.
































