Hollivud afsonasi Kirk Duglas 103 yoshida hayotdan ko‘z yumdi
Hollivudning afsonaviy yulduzi, taniqli aktyor Maykl Duglasning otasi Kirk Duglas 103 yoshida hayotdan ko‘z yumdi.
Bu haqda uning o‘g‘li Maykl Duglas Instagram’da ma'lum qildi.
“U butun dunyo uchun afsona, kinoning oltin asri aktyori, adolatga sodiqligi bilan barchamizga o‘rnak bo‘lgan insonparvar edi”, deb yozgan Maykl Duglas.
O‘g‘ilning ta'kidlashicha, otasi ajoyib umr kechirgan va kelajak avlodga kinematografiyada o‘z merosini qoldirdi.
Aktyorlik faoliyatini 1946 yilda boshlagan Kirk Duglas 80 dan ko‘proq filmda, jumladan, “Yomon va go‘zal” (The Bad and the Beautiful, 1952), “Hayotga tashnalik” (Lust for Life, 1956) filmlarida suratga tushgan. Uning eng mashhur rollaridan biri “Spartak”dagi (1960) gladiator Spartak roli hisoblanadi. 1996 yilda yorqin faoliyati uchun faxriy “Oskar” mukofoti, 1956 yilda “Hayotga tashnalik” filmidagi roli uchun “Oltin globus” bilan taqdirlangan.
Asl ismi Izzi Danilovich bo‘lgan aktyor 9 ta kitob muallifi hisoblanadi.
Hollivudning klassik kinosining eng mashhur aktyorlari ro‘yxatida 17-o‘rinni egallagan.