Jahon | 11:22 / 07.11.2018
9767
3 daqiqa o‘qiladi

Gollivudning eng keksa aktyorlaridan biri Maykl Duglas o‘z “yulduzi”ga ega bo‘ldi

Foto: Photo by Chris Pizzello/Invision/AP

Amerikalik mashhur aktyor Maykl Duglas 6 noyabrda shou-biznesdagi 50 yillik faoliyati munosabati bilan Gollivuddagi shon-shuhrat xiyobonida o‘z “yulduzi” bilan taqdirlandi.

“Bu men uchun katta sharaf, men endi yosh bo‘lolmayman. Men bu onlardan oilam bilan huzurlanmoqchiman”, deb aytgan 74 yoshli aktyor. Bu yulduz xiyobondagi 2648-yulduz bo‘ldi va aktyorning otasi, 101 yoshli aktyor Kirk Duglasga atalgan yulduz yaqinida joylashgan. Kirk Duglasning o‘zi esa o‘g‘liga atalgan yulduzning ochilishi marosimida ishtirok etgan. Duglasni qo‘llab-quvvatlagani, shuningdek, uning rafiqasi, aktrisa Ketrin Zeta-Jons va aktrisa Jyeyn Fonda kelgan.

Maykl Duglas 1944 yil 25 sentabrda Nyu-Bransuik shahrida aktyor Kirk Duglas oilasida dunyoga kelgan. Aktyorga mashhurlik keltirgan ilk roli “San-Frantsisko ko‘chalari” serialidagi roli bo‘lgan. U “Tosh bilan muhabbat” romantik komediyasidan keyin haqiqiy mashhurlikka erishgan. So‘ngra u “Halokatli intilish” (Fatal Attraction, 1987), “Uoll-strit” (Wall Street, 1987) (Duglas ushbu filmdagi roli uchun “Oskar” olgan) kabi bir qator filmlarda suratga tushgan.

Duglas, shuningdek, prodyuserlik bilan shug‘ullangan. U prodyuserlik qilgan “Kakku uyasi ustidan uchib” (One Flew Over the Cuckoo's Nest, 1975) filmi xitga aylanib, 5 ta yo‘nalish, jumladan “Eng yaxshi film” uchun “Oskar” bilan taqdirlangan. 

Gollivud shon-shuhrat xiyoboni Los-Anjyelesning shimoli-sharqiy qismida joylashgan bo‘lib, Gollivud xiyobonining 15 kvartalini egallaydi. Xiyobonni tashkil etish g‘oyasi 1953 yilda paydo bo‘lgan, unga birinchi yulduz esa 1958 yil avgustida o‘rnatilgan. Ilk yulduz sohibi aktyor Preston Foster hisoblanadi. Xiyobonda 1960 yilda rasman ochilishigacha 1,5 mingdan ko‘proq yulduz o‘rnatishga ulgurilgan.

Mavzuga oid