Jamiyat | 13:58 / 08.02.2020
11913
2 daqiqa o‘qiladi

Toshkentda o‘zini tuman hokimligi xodimi deb tanishtirgan shaxs 800 dollar bilan ushlandi

Toshkent shahrida firibgarlik va pora berishga dalolat qilish jinoyatlari aniqlandi. IIV JQBB Korrupsiya va iqtisodiy jinoyatlarga qarshi kurashish boshqarmasi shu haqda ma'lumot berdi

Foto: IIV axborot xizmati

2020 yil 4 fevral kuni Ichki ishlar vazirligiga N.O. ismli fuqaro ariza bilan murojaat qilgan. 

U o‘zini Olmazor tumani hokimligining xodimi deb tanishtirgan “Bekzod” ismli shaxs tuman hududidan avtomashina yuvish shoxobchasini biznesini yuritish uchun yer olib berishga tuman hokimining qarorini chiqarib berish evaziga hokimlik mas'ul xodimlariga berish uchun 5.000 AQSh dollari va davlat boji uchun 600 AQSh dollari berishini talab qilib, shundan davlat boji uchun 600 AQSh dollari olganligini va qolgan 5.000 AQSh dollari hisobidan oldindan 800 AQSh dollari berishini talab qilayotganligini ma'lum qilib, unga nisbatan qonuniy chora ko‘rishni so‘ragan. 

Mazkur arizaga asosan, shu kuni IIV JQBB Korrupsiya va iqtisodiy jinoyatlarga qarshi kurashish boshqarmasi xodimlari tomonidan o‘tkazilgan tezkor tadbir davomida, gumonlanuvchi fuqaro U.B. Shayxontohur tumanidagi “Beruniy” metro bekati yaqinida arizachidan 800 AQSh dollari miqdoridagi pullarni olayotgan vaqtida ashyoviy dalillar bilan ushlandi. 

Dastlabki surishtiruv jarayonida fuqaro U.B. ilgari 2018 yilda JKning 168-m., 28,211-moddalarida ko‘rsatilgan jinoyatlarni sodir etgani uchun sudlanganligi aniqlangan.

Hozirda fuqaro U.B. JPKning 224-moddasi tartibida ushlanib, unga nisbatan Ichki ishlar vazirligi huzuridagi Tergov departamenti tomonidan Jinoyat kodeksining tegishli moddalari bilan jinoyat ishi qo‘zg‘atilgan.

Mavzuga oid