Said Abdullaxon qadimiy Xorazmning poytaxti Xiva shahrida XVIII asrdan boshlab hukmronlik qilgan o‘zbeklarning qo‘ng‘irot qavmiga mansubdir. U 1871 yilda tug‘ilgan. Otasi Muhammad Rahimxon II Feruzxon taxallusi ostida ijod qilgan mashhur shoir, Rossiya generali va davlat arbobi bo‘lgan. Muhammad Rahimxon II 1910 yilda vafot etgach, taxtga to‘ng‘ich o‘g‘il Asfandiyorxon o‘tiradi.
XIX asr oxirida Xorazm davlati Rossiya protektoratiga aylangan va Xiva xonligi deb atala boshlagandi. Rossiya imperiyasi qulaganidan so‘ng, mustaqil Xorazm davlatini tashkil qilishga urinishlar boshlanadi. 1918 yil bahorida xonlikdagi parokandalikdan foydalangan turkman-yovmut qabilasi sardori Junaidxon harbiy to‘ntarish qilib, Asfandiyorxonni o‘ldirdi va taxtga uning ukasi Said Abdullani o‘tqazdi. Lekin amalda bosh vazir sifatida xonlikni Junaidxon boshqardi. Said Abdullaxon esa «qo‘g‘irchoq xon»ga aylanadi. Balki mana shu holat keyinchalik uning hayotini saqlab qolgan bo‘lishi ham mumkin.

1919 yilning kuzida Moskvada sovetlar hukumati tomonidan Xiva xonini ag‘darish haqida qaror qabul qilingan va Xorazmga Qizil Armiya qismlari yuborilgan. 1920 yil yanvar oyida Junaidxon lashkarlari sovetlar tomonidan yakson qilinadi. Uning o‘zi esa Afg‘onistonga qochib ketdi. Xiva xoni Said Abdullaxon va uning oilasi Butunrossiya favqulodda komissiyasi (Vserossiyskaya chrezvichaynaya komissiya - VChK) tomonidan hibsga olinadi. 2 fevral kuni sovet hukumati bosimi ostida u rasman taxtdan voz kechgan.
Xon va uning oilasi ustidan qisqa sud jarayoni 1920 yil yozida bo‘lib o‘tadi. Hukmga ko‘ra, Said Abdullaxon va uning taxtiga vorislik qilish huquqiga ega bo‘lgan erkak qarindoshlari Xorazm Xalq Sovet Respublikasidan badarg‘a qilinadi. Barcha mol mulki – pullari, qimmatbaho buyumlari, uylari, yerlari musodara qilinadi. Said Abdullaxon bilan uning uch o‘g‘li (kenja Said Abdulla, Rahmatulla, Yoqub Yusuf), akasi Muhammadyor va 4 jiyani (Abdurasul, Madyor, Nosir, Ibodulla) ham Xorazmdan badarg‘a qilingan.
Xon va yaqin qarindoshlarining keyingi hayoti haqidagi tarixiy ma'lumotlar juda kam. Biroq, 2019 yil dekabr oyida Kiyevdagi «Yaroslavov Val» nashriyoti yozuvchi Grigoriy Guseynovning «Sharqdan esgan shamol» (ukrain tilida - «Viter zi sxodu») nomli kitobini nashrdan chiqaradi. Unda Xivaning so‘nggi xoni Said Abdullaxon va uning oilasi haqidagi shu paytgacha noma'lum bo‘lgan ma'lumotlar to‘plangan.









