O‘zbekistonning suv xo‘jaligini rivojlantirishning 2020-2030 yillarga mo‘ljallangan konsepsiyasi loyihasi muhokama uchun joylashtirildi. O‘ylaymizki, bu suv sohasida to‘planib qolgan muammolarni hal qilishga qaratilgan juda muhim hujjat.

Xatar va muammolar 

Suv – bu aholi, iqtisodiyot va ayniqsa qishloq xo‘jaligi ishlab chiqaruvchilari hayoti va faoliyati, shuningdek ekologik muvozanatni saqlash uchun zarur tabiiy resurs hisoblanadi.

O‘zbekiston suv resurslarining kelgusi balansiga mintaqaning asosiy daryolari shakllanadigan muzliklarning jadal erishi, iqlim o‘zgarishining boshqa jihatlari, shuningdek aholining suvga ortib borayotgan ehtiyojlari va sanoatning rivojlanishi ta'sir ko‘rsatadi.

Butun Markaziy Osiyodagidek, O‘zbekistonga ham iqlim o‘zgarishi avvalo, hududning asosiy daryolarini shakllantiradigan tog‘ muzliklarining erishi bilan tahdid soladi. So‘nggi 50-60 yil davomida muzliklar maydoni taxminan 30 foizga qisqargan. Taxminlarga ko‘ra, harorat 2 darajaga ortganda muzliklar hajmi 50 foizga, 4 darajaga isiganda – 78 foizga kamayadi.

Suv taqchilligi bilan bog‘liq vaziyat qo‘shni mamlakatlardan suv yetkazib berilishiga nihoyatda bog‘liq ekanligi bilan yanada murakkablashadi (iste'mol qilinadigan suvning 80 foizi mamlakatga tashqaridan keladi).

So‘nggi yillarda O‘zbekiston tomonidan foydalaniladigan suv resurslarining yillik hajmi o‘rta hisobda 51-53 km3.ni tashkil etadi va bu umumiy olingan suv hajmining o‘tgan asr 80-yillariga nisbatan jiddiy tarzda (20 foiz) qisqarganini ko‘rsatadi (shu bilan birga, mamlakat aholisi bir yarim - ikki baravarga ko‘paygan). Kelgusida vaziyat faqat yomonlashadi. 

Mavjud suv resurslaridan foydalanishning asosiy muammosi – qishloq xo‘jaligida suv resurslarini yetkazib berish va iste'mol qilishda ulardan samarasiz foydalanish. Ko‘rsatib o‘tilgan muammo institutsional, texnologik va kadrlarga oid sabablarga ega.

O‘zbekiston suv xo‘jaligining asosiy institutsional muammolari – suv iste'molchilari (avvalo, agro ishlab chiqaruvchilar va aholi tomonidan), suv infratuzilmasi uchun mas'ul bo‘lgan shaxslar va tashkilotlar tomonidan suvdan samarali foydalanish bo‘yicha ta'sirchan rag‘batlarning yo‘qligi