Prezidentning “Tashqi savdo operatsiyalarini xalqaro standartlarga yanada uyg‘unlashtirish chora-tadbirlari to‘g‘risida”gi farmoni loyihasi muhokama uchun joylashtirildi.
Shunday tartib o‘rnatiladiki, unga ko‘ra umumiy qiymati besh ming AQSh dollaridan ko‘p bo‘lmagan tadbirkorlik faoliyati uchun mo‘ljallangan tovarlar:
a) yakka tartibdagi tadbirkor sifatida davlat ro‘yxatidan o‘tgan va yuridik shaxs tashkil etmagan holda faoliyat olib boruvchi jismoniy shaxslar tomonidan oldindan to‘lov va boshqa kafolatlangan to‘lov shartlarisiz, bojxona deklaratsiyasi taqdim etmasdan invoys ma'lumotlarini Tashqi savdo operatsiyalarining yagona elektron axborot tizimiga (TSOYaEAT) kiritish sharti bilan O‘zbekistondan olib chiqiladi. Bunda, sotuvchi shaxslar tomonidan tovarlar olib chiqilishida xorijiy xaridor aniq bo‘lmagan hollarda xaridor haqidagi ma'lumotlarni invoysda ko‘rsatilishi talab etilmaydi;
b) norezident jismoniy shaxslar va ularning ishonchli vakillari tomonidan oldindan to‘lov sharti bilan sotuvchi shaxslarning TSOYaEATga kiritgan invoysi asosida bojxona deklaratsiyasi taqdim etmasdan O‘zbekistondan olib chiqiladi;
v) invoys hujjati asosida olib chiqilishi fakti davlat bojxona xizmati organlari tomonidan TSOYaEATda tasdiqlanadi hamda bunday operatsiyalar bojxona yuk deklaratsiyasi rasmiylashtirilgan eksport operatsiyalariga va qisqa bojxona yuk deklaratsiyasiga tenglashtiriladi.
Farmonning 1-bandida belgilangan normalar amaldagi qonunchilikda ayrim cheklovlar o‘rnatilgan tovarlarga nisbatan qo‘llanilmaydi.
Tashkiliy maqomidan qat'iy nazar barcha tadbirkorlik sub'yektlariga:
a) tovarlar (ishlar, xizmatlar) uchun norezident jismoniy shaxslardan xalqaro to‘lov tizimlari orqali O‘zbekiston banklarida ochilgan hisob raqamlariga to‘lovlarni qabul qilishga;
b) tovarlar eksportida o‘zaro hisob-kitoblarni amalga oshirishda elektron shakldagi invoysdan foydalanishga;
v) shartnoma ma'lumotlarini TSOYaEATga kiritish sharti bilan xorijiy davlatlardagi tovarlar (ishlar, xizmatlar)ni O‘zbekiston hududiga haqiqatda olib kirish majburiyatisiz sotib olish va ularni sotish bo‘yicha O‘zbekiston norezidentlari bilan “xalqaro savdo shartnomasi” tuzish va valuta operatsiyalarini amalga oshirish, savdodan olingan tushumni boshqa yuridik shaxslar foydasiga transferabel akkreditivlar va boshqa to‘lov hujjatlarini qo‘llash yo‘li bilan qayta berishga ruxsat etiladi.















