«Napoli» «Barselona»ga qarshi o‘yinlarda autsayder sifatida ko‘rilayotgandi, ammo italyanlar jamoasi bosh murabbiyi jamoasining istiqboli bo‘yicha fikrlarni o‘zgartirishga majbur qildi va kuchli raqibga qarshi durang o‘ynadi (1:1).
«Napoli» (Italiya) — «Barselona» (Ispaniya) — 1:1 (1:0)
Gollar: Mertens, 30 (1:0). Grizmann, 57 (1:1).
«Napoli»: Ospina, Manolas, Mariu Ruy, Maksimovich, Di Lorenso, Zelinski, Demme (Allan, 80), Ruis, Kalexon (Politano, 74), Mertens (Milik, 54), Insine.
«Barselona»: ter Shtegen, Pike (Langle, 90+3), Yumtiti, Semedu, Firpo, Rakitich (Artur, 56), Vidal, Buskets, de Yong, Messi, Grizmann (Fati, 87).
Ogohlantirishlar: Buskets, 49. Insine, 61. Messi, 66. Grizmann, 83. Vidal, 89. Mariu Ruy, 89.
Chetlatish: Vidal, 89.
Hakam: Brix (Germaniya).
25 fevral. Neapol. «San-Paolo» stadioni.
Jyennaro Gattuzoning kuchiga to‘g‘ri baho berilmadi. Ha, u o‘zining jonajon jamoasi «Milan»da ishlaganida klubga orzuga aylanib qolayotgan Chempionlar ligasi yo‘llanmasini taqdim eta olmagan va ishonchdan chiqqandi. Aurelio De Laurentis ishsiz o‘tirgan murabbiyni Karlo Anchelotti o‘rniga chaqirganida, ko‘pchilik buni prezidentning navbatdagi g‘alati qarori sifatida baholagandi. Lekin buni yulduz futbolchilar murabbiyiga urush ochgan jamoada tartib o‘rnatish yo‘lidagi qadam sifatida baholash ham mumkin edi.
Gattuzo bilan esa bunday qilib bo‘lmasdi, u shu vaqtgacha daxlsiz hisoblab kelingan Allanni osonlik bilan mashg‘ulotlardan chetlatishi mumkin. Braziliyalik futbolchi murabbiydan uzr so‘ragachgina tarkibga qaytarildi. Lekin hali asosiy tarkibga emas, chunki yangi murabbiy jamoani o‘z talablari bo‘yicha qayta qurmoqda.
Endi maydon markazida «Leypsig»dan olib kelingan Demme nazorat o‘rnatadi. U Gattuzoning taktikasidagi muhim figuraga aylanishi ham mumkin, germaniyalik futbolchi kelganidan keyin mashg‘ulotlar sifati ham oshgani va to‘p tezroq harakatlanayotgani kuzatilmoqda. Ammo asosiysi — Demme maydon markazidagi qoyaga aylanadi, bu esa jamoada ko‘p vaqtdan buyon mavjud bo‘lgan chiziqlar o‘rtasidagi uzilishlar muammosiga barham beradi.





















