Vazirlar Mahkamasining “Ommaviy va professional futbolni har tomonlama rivojlantirish chora-tadbirlari to‘g‘risida”gi qarori loyihasi muhokama uchun joylashtirildi.
O‘zbekiston Respublikasi Jismoniy tarbiya va sport vazirligi, Xalq ta'limi vazirligi, Mahalla va oilani qo‘llab-quvvatlash vazirligi, O‘zbekiston futbol assotsiatsiyasi, Qoraqalpog‘iston Respublikasi Vazirlar Kengashi, viloyatlar va Toshkent shahar hokimliklarining:
umumiy o‘rta ta'lim maktablari o‘quvchilari o‘rtasida “Maktablar futbol ligasi” musobaqalarini har bir tuman (shahar)da doimiy ravishda yiliga kamida ikki marotaba o‘tkazish;
mahalla yoshlari o‘rtasida “Mahallada futbol”, “Futbolimiz kelajagi” futbol musobaqalarini muntazam va yuqori saviyada o‘tkazish;
bolalar-o‘smirlar sport maktablari va xususiy futbol maktablari shug‘ullanuvchilari o‘rtasida Qoraqalpog‘iston Respublikasi, viloyatlar va Toshkent shahar hamda respublika miqyosida “Sport maktablari futbol ligasi” musobaqalarini o‘tkazish;
hududlar kesimida barcha korxona va tashkilotlar, davlat boshqaruvi organlari xodimlari o‘rtasida futbol bo‘yicha “Bosh vazir kubogi”, “Hokim kubogi”, “Rahbar kubogi” musobaqalarini keng qamrovda va muntazam ravishda tashkil etish;
yoshlar o‘rtasida “Charm to‘p”, futbol mahorat maktablari, xususiy professional futbol maktablari va professional futbol klublari huzuridagi futbol akademiyalari o‘rtasida “Professional futbol maktablari ligasi” musobaqalarini tizimli tashkil etish va yuqori saviyada o‘tkazish to‘g‘risidagi takliflariga rozilik berilishi mumkin.
O‘zbekiston Respublikasi Jismoniy tarbiya va sport vazirligi, Xalq ta'limi vazirligi, Mahalla va oilani qo‘llab-quvvatlash vazirligi:
sport musobaqalarining barcha bosqichlarini, ayniqsa, quyi (ta'lim muassasasi, tuman (shahar) bosqichlari to‘liq va sifatli o‘tkazilishi nazoratini ta'minlaydi;
musobaqalarning barcha bosqichlari natijalarini tahlil qiladi va tizimli monitoringini olib boradi.
O‘zbekiston Respublikasi prezidentining 2019 yil 4 dekabrdagi “O‘zbekistonda futbolni rivojlantirishni mutlaqo yangi bosqichga olib chiqish chora-tadbirlari to‘g‘risida”gi PF–5887-son farmoniga asosan “Maktablar futbol ligasi” musobaqalari tuman (shahar) hamda Qoraqalpog‘iston Respublikasi, viloyatlar va Toshkent shahar sport va ommaviy jismoniy tarbiya tadbirlarining kalendar rejalariga hamda O‘zbekiston “Yoshlik” jismoniy tarbiya va sport jamiyatiga ajratilgan mablag‘lar doirasida, “Sport maktablari futbol ligasi”, “Professional futbol maktablari ligasi” musobaqalari Qoraqalpog‘iston Respublikasi, viloyatlar va Toshkent shahar sport va ommaviy jismoniy tarbiya tadbirlarining kalendar rejalariga ajratilgan mablag‘lar doirasida moliyalashtirilishi belgilab qo‘yilgan.















