2018 yilning may oyida O‘zbekiston rahbari Shavkat Mirziyoyev AQShga tashrif buyurganida ushbu mamlakat biznes doiralari vakillari bilan 4 mlrd AQSh dollaridan ortiq sarmoya borasida hujjatlar imzolangan edi. Ular orasida eng yirik bitim, Kanadada asos solingan, lekin aksiyalarining katta qismi amerikaliklarga tegishli SkyPower Global energetika kompaniyasi bilan imzolangandi.
Muqobil quvvat manbalari bilan ishlaydigan bu xalqaro shirkat Shavkat Mirziyoyevning Amerikaga safari oldidan Toshkentda 1,3 milliard dollarlik to‘g‘ridan-to‘g‘ri sarmoya yuzasidan kelishib olgan edi. Katta shov-shuv, va'dalar hamda tabiiyki, gulduros qarsaklar ostida boshlangan hamkorlik bugun qay ahvolda? Sarmoya kiritish bilan bog‘liq jarayonlar qay bosqichda?
«Loyihalar boshlanmay turibdi», - deydi SkyPower Global rahbari Kerri Adler «Amerika ovozi»» bilan muloqotda. Buning sababi, O‘zbekiston Moliya vazirligi kompaniyaga to‘lov kafolati bermaganidadir. Vaholanki, prezident Mirziyoyev buni vazirlikka 2018 yilda buyurgan. Shartnomaga ko‘ra, SkyPower Global ishlab chiqargan tokning kilovatti uchun «O‘zbekenergo» 6 sent to‘lashi kerak bo‘ladi. Agar to‘lovni amalga oshirolmasa, davlat buni qoplashi shart. Mana shunday kafolat berilmasa, nafaqat biz balki hech kim O‘zbekistonda biznes qilmaydi», deydi Adler.
«O‘zbek hukumati, bunday kafolat shu vaqtgacha nima uchun berilmayotganini tushuntirishga shoshilmayapti. «Amerika ovozi» Moliya vazirligi, shuningdek, Investitsiyalar va tashqi savdo vazirligiga murojaat qilib, masala yuzasidan ularning qarashlarini so‘radi. Ayni vaqtda, uning javobi kutilmoqda, deyiladi», xabarda.
Toshkentdagi ishonchli manbalarga ko‘ra, muammo ortida bir necha omillar bor, lekin ikkitasi ahamiyatga molik.
Birinchidan, SkyPower Global ishlab chiqargan tokning narxi qimmat va arzonroq takliflar bor.
Ikkinchidan, bu investor so‘rayotgan kafolatlarni berish O‘zbekiston qonunlariga zid.
Unda prezidentning bu boradagi qaroriga nima bo‘ladi? Balki, rasmiy Toshkent SkyPower Global bilan muzokarani qaytadan olib borar? AQSh va Kanada rasmiylari esa, o‘z navbatida, tomonlarni muloqotga va kelishib olishga chaqirmoqda. Vashington O‘zbekistonni har bir bitim va kelishuvga binoan qadam tashlashga undamoqda.
Endilikda, SkyPower Global rahbari butun umidini prezident Shavkat Mirziyoyevga bog‘lagan, chunki uning ta'kidlashicha, Kerri Adler O‘zbekistonga aynan davlat rahbarining taklifi bilan borgan va unga ishongani uchun ham sarmoya kiritishga bel bog‘lagan.








