O‘zbekiston | 09:14 / 10.03.2020
12155
2 daqiqa o‘qiladi

«Yangi Angren» IESda nosozlik yuzaga keldi

«Yangi Angren» IESda yuzaga kelgan nosozlik tufayli respublikaning ayrim hududlarida elektr ta'minotida cheklovlar sodir bo‘lmoqda

Foto: JSC Uzbekgidroenergokurilish

Joriy yilning 9 mart kuni soat 21:00da «Yangi Angren» issiqlik elektr stansiyasida energobloklarga ko‘mir yetkazib berish tizimidagi nosozlik tufayli dastlab ishlab chiqarish quvvati 100 mVt.ga pasayishi kuzatildi. 

«O‘zbekiston MET» AJ axborot xizmatiga ko‘ra, so‘ngra soat 21:17da 200 mVt quvvat bilan ishlayotgan 4-energoblokka yoqilg‘i berish to‘xtab qolganligi tufayli avariya holatini oldini olish maqsadida energoblok stansiya xodimlari tomonidan favqulodda o‘chirildi. Stansiyaning umumiy quvvati 800 mVt.dan 420 mVt.gacha pasayib ketdi.

«Sodir bo‘lgan nosozlik tufayli energetika tizimida avariyaga qarshi avtomatika ishlashi natijasida iste'molchilar elektr ta'minotida uzilishlar yuz berdi va ayna paytda elektr ta'minotidagi muvozanat xavfsizligini ta'minlash uchun cheklovlar kiritilishiga majbur bo‘linmoqda.

Milliy dispetcherlik markazi ma'lumotlariga ko‘ra, bunday holat ushbu stansiyada birinchi marta kuzatilayotgani yo‘q. Mart oyining 9 kuni davomida, operativ ma'lumotlarga ko‘ra, energobloklarda 5 marta o‘chish holatlari sodir bo‘lgan», - deyilgan xabarda.

Qayd etilishicha, yuzaga kelgan nosozliklar va uning bartaraf etilishi yuzasidan batafsil ma'lumotlar «Issiqlik elektr stansiyalari» AJning rasmiy veb-sayti va ijtimoiy tarmoqdagi sahifalarida e'lon qilinadi. 

Mavzuga oid