2024 yil mart oyida AQShning Baltimor shahrida yuk kemasi boshqaruvni yo‘qotib, Frensis Skott Ki ko‘prigiga urilishi oqibatida 47 yil xizmat qilgan inshoot bir necha soniya ichida qulagan edi. Bu voqea hatto zamonaviy ko‘priklar ham turli xavf-xatarlarga duch kelishini ko‘rsatdi.

Shunga qaramay, insoniyat tarixida shunday ko‘priklar borki, ular minglab yillar davomida saqlanib, hanuzgacha o‘z vazifasini bajarmoqda.

Arkadiko ko‘prigi — Yevropadagi eng qadimiy ko‘prik

Gretsiyada joylashgan Arkadiko ko‘prigi, shuningdek Kazarma ko‘prigi nomi bilan ham mashhur. U miloddan avvalgi taxminan 1300–1190 yillarda mikenlar tomonidan qurilgan bo‘lib, yoshi qariyb 3 ming yilni tashkil etadi.

Uzunligi 22 metr, balandligi 4 metr va kengligi 2,5 metr bo‘lgan ko‘prik ulkan ohaktosh bloklaridan hech qanday qorishmasiz qurilgan. Bu qurilish uslubi «siklopik terma» deb ataladi.

Ko‘prik savdogarlar, jangchilar va aravalarning shaharlar o‘rtasida xavfsiz harakatlanishi uchun barpo etilgan. Arxeologlar unda arava g‘ildiraklari uchun maxsus yo‘naltiruvchi chekkalar va yomg‘ir suvini chiqarish tizimi ham mavjud bo‘lganini aniqlagan.

Miken sivilizatsiyasi allaqachon yo‘qolgan bo‘lsa-da, Arkadiko ko‘prigi hozir ham sayyohlar va piyodalar uchun ochiq.

Karavon ko‘prigi

Turkiyaning Izmir shahrida joylashgan Karavon ko‘prigi miloddan avvalgi taxminan 850 yillarda qurilgan. Bir arkali tosh ko‘prik asrlar davomida uzluksiz foydalanib kelingan.

Rivoyatlarga ko‘ra, «Iliada» va «Odisseya» muallifi Gomer shu atrofda tug‘ilgan va o‘z asarlarida ushbu ko‘prikni tilga olgan. Mashhur ertakchi Hans Kristian Andersen ham Gomer aynan shu yerda dafn etilgan bo‘lishi mumkinligini taxmin qilgan.

1950-yillarda ko‘prik transport oqimini oshirish uchun kengaytirilgan va bugungi kunda ham undan foydalanilmoqda.