UZBEKISTAN GTL loyihasiga uzoq 2009 yilda asos solingan. Turli sabablarga ko‘ra keyinga surilib kelgan loyiha 2016 yilda jonlandi va mana endi bitish arafasida.

Bu zavod ishga tushsa «Sasol» texnologiyasi bo‘yicha tabiiy gaz suyuq yonilg‘iga aylantiriladi. Xuddi shunday GTL yonilg‘isi ishlab chiqaruvchi zavodlar Janubiy Afrika Respublikasi, Malayziya va Qatarda barpo etilgan. Qashqadaryodagisi — jahondagi beshinchi zavod bo‘ladi.
Zavod ayni paytda qariyb 85 foizga bitkazilgan. Zavodda foydalanilayotgan 11 mingdan ziyod jihozlar va texnologik uskunalar jahonning 24 ta davlatidagi 129 ta zavodda tayyorlangan. Ular dengiz yo‘li orqali portlarga, temir yo‘l va avtotransportlarda qurilish maydoniga keltirilgan.

Loyiha nufuzli xorijiy qurilish, konsalting, moliya va sug‘urta kompaniyalari ko‘magida amalga oshirilmoqda.

Jumladan, Singapurning Enter Engineering, Janubiy Koreyaning Hyundai Engineering, Hyundai Engineering & Construction loyiha pudratchilaridir.

Loyiha Janubiy Afrikaning SASOL, Daniyaning HALDOR TOPSOE va AQShning Chevron energetika kompaniyalarining lisenzion texnologiyalariga asoslanadi.

Ko‘plab xorijiy kompaniyalar loyihaning maslahatchilari bo‘lib turibdi. Bosh maslahatchi Buyuk Britaniyaning neft va gaz sanoatiga ixtisoslashgan TechnipFMC kompaniyasidir.






















