Kun.uz`ning Janubiy Koreyadagi muxbiri Eldor Vohidov bu mamlakatdagi o‘zbek talabalar o‘rtasida ijtimoiy so‘rov o‘tkazib, koreys oliy ta'limi va uning o‘rnak olish mumkin bo‘lgan jihatlari haqidagi fikrlari bilan qiziqdi.

Natijalar aniqligini ta'minlash uchun Koreyaning 4ta yirik shahri – Seul, Busan, Tegu va Dejonda turli mutaxassislik bo‘yicha o‘qiyotgan talabalarning fikrlari jamlandi.

«Uydan pul so‘ramaymiz, aksincha...» – Koreyadagi o‘zbek talabalari o‘rtasida ijtimoiy so‘rov (1-qism)

Koreyada tahsil olishning sizga ma'qul kelmagan tomonlari bormi?

Har joyni qilma orzu, har joyda bor tosh-u tarozi, deb bejiz aytishmagan. Ko‘plab ijobiy tomonlari bo‘lgani kabi, xorijda yashab, o‘qishning ham o‘ziga yarasha mashaqqatlari va u yerdagi tizimning ma'qul kelmagan jihatlari topiladi, albatta.

Aksariyat talabalar til masalasida e'tiroz bildirdilar. Janubiy Koreya oliygohlari xorijlik talabalar uchun ko‘ngli ochiq mamlakatlardan sanaladi. Shu boisdan, ingliz tili ta'lim tili hisoblangan yo‘nalish va o‘quv yurtlari bisyor. Muammo shundaki, ingliz tilidagi imkoniyatlar koreys tilidagiga qaraganda ancha sust bo‘lib chiqdi. Universitet portal tizimi, muhim adabiyotlar aynan davlat tilida ekani va professorlarnng ingliz tili darajasi tanqid ostida qoldi.

Ta'lim bilan aloqador masalada koreys tilining dominantligi tilga olingan bo‘lsa, yashash tarzi haqida gap ketganda vatan sog‘inchi, oila a'zolardan uzoqda bo‘lish va o‘zbek taomnomasiga o‘rgangan kishilarning koreyscha achchiq ovqatlarga moslasha olmaganliklari Koreyada tahsil olishning og‘riqli nuqtalaridan ekanligi aytib o‘tildi.

Qo‘shimcha sifatida aytish kerakki, mamlakat ta'limida o‘quvchini majburlab, tergab darsga jalb etish tajribasi yo‘q. Ma'lum bo‘lishicha, aynan shu masala ham ayrim yurtdoshlarimizga ma'qul kelmagan.

Baho olishda korrupsiya alomatlarini sezganmisiz?

So‘rovnomada ishtirok etgan barcha talabalar bir ovozdan manfiy javob qaytarishdi: «Yo‘q, pora alomatlari umuman kuzatilmagan».

Ma'lumot uchun, Koreyada talaba o‘z xohishi bilan professor-o‘qituvchini shirinlik yoki kofe bilan mehmon qilishi, ustozlarning bayram vaqtlarida turli hadyalarni olishi qat'iy qoralanadi.