O‘zbekiston | 11:25 / 27.03.2020
20628
3 daqiqa o‘qiladi

Qarshi shahriga kirish va chiqish to‘xtatiladi

Bu viloyat va shaharga kirish-chiqishdagi cheklovlar yuk tashish bilan bog‘liq hollarga, shuningdek, doimiy yashovchi shaxslarga nisbatan tatbiq etilmaydi

Foto: O‘zA

Joriy yil 27 mart kuni, tungi soat 00:00dan boshlab, Qarshi shahriga kirish-chiqish har qanday transport vositalarida (avtobus, mikroavtobus va yengil avtotransport) to‘xtatiladi. 

Qashqadaryo viloyati hokimligi axborot xizmati xabariga ko‘ra, bu viloyat aholisining sanitariya-epidemiologik osoyishtaligi va xavfsizligini ta'minlash, fuqarolarning hayoti va sog‘lig‘ini himoya qilish hamda koronavirus infeksiyasining viloyat hududi bo‘ylab tarqalishini oldini olish maqsadida maxsus komissiya qaroriga ko‘ra amalga oshiriladi.
 
Viloyat va shaharga kirish-chiqishdagi cheklovlar yuk tashish bilan bog‘liq hollarga, shuningdek, doimiy yashovchi (ro‘yxatdan o‘tgan) shaxslarga nisbatan tatbiq etilmaydi.

Mahalliy davlat hokimiyati organlari, huquq-tartibot idoralari, boshqarma, idora va tashkilot (nodavlat tashkilot)larda mehnat (xizmat) faoliyatini amalga oshirayotgan rahbar va xodimlar, shifokor va hamshiralar, davlat sanitariya va epidemiologik osoyishtalik markazi xodimlari hamda viloyat hokimining alohida topshirig‘iga asosan viloyat tumanlariga biriktirilgan mas'ul xodimlar ro‘yxat va viloyat YPX maxsus ruxsatnomasi asosida viloyat bo‘ylab harakatlanishi mumkin.

Shu bilan bir qatorda, 28 mart kuni soat 06:00dan boshlab Qarshi shahri hududida barcha qatnovlar (yo‘lovchi tashuvchi, onlayn xizmat ko‘rsatuvchi avtomashinalar, avtobus va mikroavtobuslar) harakati to‘xtatiladi. Korxonalarning oziq-ovqatlarni xonadonlarga yetkazib berish avtomashinalari harakatlanishi mumkin.

Har bir tuman (shahar)lar hududlariga kirish-chiqishni nazoratga olish va avtomashinalarni dezinfeksiya qilish choralarni ko‘rish maqsadida vaqtinchalik maskan (post)lar faoliyati yo‘lga qo‘yiladi.

Shuningdek, zarur hollarda viloyat aholisining boshqa viloyatlar hududiga chiqishi va kirishi (piyoda yoki avtomashinada)ga yuqori darajada cheklovlar o‘rnatiladi. Zarurat bo‘lmaganda viloyat hududidan chiqish tavsiya etilmaydi.

Viloyat va shahar hududiga kirishga qo‘yilgan cheklovlarga va karantin qoidalarini buzgan shaxslarga nisbatan qonunchilikda belgilangan tartibda choralar ko‘rilishi haqida ogohlantirish berilgan.

“Aziz qashqadaryoliklar, Sizlarni yana bir bora karantin davrida tartib-intizom va amaldagi qonunchilik talablariga qat'iy rioya etishga hamda zarurat bo‘lmasa uyda qolishga chaqiramiz! Barcha sa'y-harakatlarimiz – aholi salomatligi va osoyishtaligi uchun! Uyda qoling!” - deyiladi ma'lumotda.

Avvalroq, Navoiy shahriga ham kirish va chiqish to‘xtatilishi xabar berilgandi. 

Mavzuga oid