Ammo insonlarga yordam berishni o‘z burchi deb bilgan aksariyat kompaniyalar saxovat ulashishda davom etmoqda.
Keksalarga yordam
Britaniyadagi Bengal Cottage hind taomlari restorani keksalarga bepul guruch va ziravorlar yetkazib bermoqda. Restoran egasi Muhammad Sohib Miah bu ishini «virus yo‘qolmagunicha har kuni» amalga oshirishga va'da berdi.
AQShning Oklaxoma shtatidagi Angel’s Diner restorani egasi Anjyela Bernxardt yoshi 55dan oshganlar uchun bepul taom yetkazib berishni yo‘lga qo‘ydi.
Yangi Zelandiyadagi Domino’s Pizza tarmog‘i koronavirus bilan bog‘liq vaziyat barqarorlashmagunicha keksalar bepul taom yetkazib beradi. Yoshi 70dan oshganlar haftada bir marta bepul taomga buyurtma berishi mumkin.
AlexZan niki ostidagi startapchi yordamga muhtojlar va yordam beruvchilarni birlashtiradigan ilova yaratish uchun jamoa tuzayotganini e'lon qildi. Ilova orqali uyida o‘tirgan keksalar qanday narsalarga ehtiyoji borligini yozishadi. Ularning yaqin-atrofida bo‘lganlar bu xabarni olishadi hamda keksalarga kerakli narsalarni xarid qilib uylariga keltirib berishadi.
Barcha muhtojlarga yordam
Kaliforniyadagi Valenti and Co restorani egasi Dulio Valenti do‘konlar peshtaxtalaridan g‘oyib bo‘lgan ashyolarga muhtoj kishilarga yordam berishga qaror qildi. Bu yerda hojatxona qog‘ozi, qo‘l sochiqlari, idish yuvish vositalari bepul beriladi. Restoran shuningdek, xohlovchilarga sirtlarni dezinfeksiya qilish vositalarini ham bepul taqdim etishga tayyor.
«Dodo Pitssa» pitsseriyasi egasi Fyodor Ovchinnikov pitssadan tashqari tanqis mahsulotlar: qadoqlangan suv, sanitayzer va tibbiyot niqoblari yetkazib berishini ma'lum qildi. Pitsseriya hozirda bu mahsulotlarni eng arzon narxlarda yetkazib beruvchilarni izlamoqda.
Tibbiyot xodimlariga yordam
«Yandeks» tibbiy va ijtimoiy xizmatlarga ko‘mak berish loyihasini ishga tushirmoqda. Kompaniya shifokorlarni eltish, mahsulotlar, dori-darmon, koronavirus testlari yetkazib berishni rejalashtirmoqda. IT-gigant hamkorlari bilan birgalikda «Yandeks.Taksi» xizmatiga ulangan minglab mashinalardan iborat parkni shakllantirmoqda. Ijtimoiy muhim buyurtmalarni amalga oshiradigan haydovchilar uchun «Yandeks» 250 mln rubl mablag‘ ajratadi. Haydovchilar muntazam ravishda tibbiy tekshiruvdan o‘tkaziladi, avtomobillari esa dezinfeksiya qilinadi. Loyihani Moskva va Qozonda amalga oshirish boshlandi.















