
G‘arbdagi pandemiya hali o‘zining cho‘qqisiga yetgani yo‘q, lekin insonlar qanchalik qashshoqlashishi uning davomiyligiga bog‘liq. Ko‘plab mamlakatlarda karantin bir haftaning nari-berisida davom etmoqda, hukumatlar esa u yoki bu ko‘rinishda u yarim yil davom etishidan ogohlantirishmoqda.
Ofatning taxminiy miqyosini bu boshlang‘ich va debocha bosqichda badavlat davlatlar hukumati iqtisodiyotni jonlantirish uchun qancha pul sarflashga tayyorligiga bir qarab baholash mumkin.
Summalar esa ulkan, misli ko‘rilmagan va cho‘chitadigan. AQSh, masalan, qiymati 2,2 trillon dollarlik inqirozga qarshi paketni ma'qulladi; Yevropa hozircha yarim trillion ajratdi, lekin ko‘proq pul yig‘moqchi. Umuman, «katta yigirmatalik» davlatlari allaqachon soliq to‘lovchilarning 5 trillion dollar pulini joriy inqirozga qarshi sarflashni va'da qilishdi — bu esa jahon iqtisodiyoti yillik hajmining 6 foizi degani.
Oldingi inqirozlardan farqli o‘laroq, gap markaziy banklar tomonidan yangi pullarni chop etish emas, jamiyatning shundoq ham qisqarib borayotgan mavjud real daromadlarini eng ko‘p jabr chekkanlar foydasiga qayta taqsimlash to‘g‘risida bormoqda.
Boshqacha qilib aytganda, hamma qashshoqlashishi kerak. Omon qolganlar qiynala-qiynala omon qolmaganlar uchun to‘lov qiladi. Hech kim g‘olib bo‘lmaydi.

«Endi jahon retsessiyaga g‘arq bo‘layotgani oydinlashdi, — deya tushuntirdi jahon iqtisodiyoti tanazzulini Xalqaro valuta jamg‘armasi rahbari Kristalina Georgiyeva. — U 2009 yildagidan kam bo‘lmaydi, hattoki yomonroq bo‘lishi mumkin».
XVJ rahbari 2021 yilda keskin o‘sishni e'tibordan qochirmadi, lekin bunga faqat pandemiyani jilovlab, uning oqibatlarini bartaraf qilibgina erishish mumkin. Buning uchun «nafaqat iqtisodiyotning tiklanishiga, shuningdek, jamoat totuvligiga ham raxna solayotgan bankrotlik va ishdan bo‘shatishlar to‘lqinini to‘xtatish» kerak.
Nimalar uchun to‘lov qilinadi?
Koronavirus ayrim mamlakatlarning sog‘liqni saqlash tizimidagi nuqsonlarni, boshqalaridagi halokatli vaziyatni ochib berdi. Dastlabki kechiktirib bo‘lmas ko‘maklar shu yerga yo‘naltirildi: vaqtinchalik shifoxonalar, maska va tibbiy uskunalarning zudlik bilan xarid qilinishi, tibbiyot personalining yollanishi. Kunlar o‘tib, changlar bosilgach, aksariyat davlatlar pandemiya ochib bergan sog‘liqni saqlash sohasidagi muammolarni bartaraf etishga jiddiy kirishishga majbur bo‘ladi.
















