Bunday vaziyatda biror ijobiy holni ko‘rish qiyin, ammo shunga qaramay, katta tahdidga duchor bo‘lgan odamzod o‘z insoniyligini namoyon qilish uchun kuch topa olyapti.

1. Oq xalat kiygan odamlarga minnatdorchilik qarsaklari

Dunyoning barcha mamlakatlarida shifokorlar, hamshiralar va sog‘liqni saqlash sohasidagi boshqa xodimlar koronavirusga qarshi kurashda eng oldingi saflarda turibdi. O‘z hayotini xavf ostiga qo‘yib bo‘lsa-da, ular amalga oshirayotgan sa'y-harakatlar tufayli virus yuqtirgan ko‘plab odamlar tuzalib chiqishmoqda.

Shunday tahlikali vaqtda o‘z jonini xavfga qo‘yib, koronavirus bilan kasallangan bemorlarga yordam berayotgan tibbiyot xodimlarining zahmatli mehnatlariga minnatdorchilik izhor etish uchun uchun turli mamlakatlarda odamlar kechki payt o‘z uyi derazasi yoki balkonidan turib ularning sha'niga yakdil bo‘lib qarsak chalishmoqda.

Tibbiyot xodimlarini birgalikda olqishlash koronavirus dastlab tarqalgan Xitoyning Uhan shahrida ilk marta amalga oshirilgan edi. Bugun bu olqish dunyo bo‘ylab yangramoqda — koronavirus Xitoydan tashqariga chiqib, dunyo bo‘ylab tarqab ketganidan buyon tibbiyot xodimlarini olqishlash ham dunyo bo‘ylab trendga aylandi.

2. Xitoy karantinni yumshatyapti

Roman Pilipey / EPA / Scanpix / LETA

Xitoy rasmiylariga ko‘ra, hozir ular koronavirus tarqalishining oldini olishga muvaffaq bo‘lishgan.

Xitoyda virusga chalinganlar darajasi tobora kamroq qayd etilmoqda, boz ustiga, ularning aksariyati kasallikni xorijda yuqtirib kelganlar bo‘lmoqda. Xitoyda virus tarqalishi deyarli to‘xtagan. Shu tufayli rasmiylar mamlakatda karantin choralarini bosqichma-bosqich yengillashtirmoqda.

Pandemiya boshlangan Hubey provinsiyasida joriy etilgan kirib-chiqish karantin cheklovlari 25 mart kuni olib tashlandi. Koronavirus o‘chog‘i bo‘lgan Uhan shahridagi cheklovlarni 8 apreldan yengillashtirish rejalashtirilgan.

BBC’ning Xitoydagi muxbiri Stiven Makdonellga ko‘ra, endi Pekin aholisi tom ma'noda ko‘ksini to‘ldirib chuqur nafas olishi mumkin. Albatta, Xitoyda epidemiyaning ikkinchi to‘lqini boshlanishi mumkin, degan xavotirlar ham yo‘q emas, ammo sekin-asta cheklovlarni yumshatayotgan hukumat yaxshi natijalarga umid qilmoqda.