07:58 / 02.04.2020
34052

AQSh razvedkasi Xitoyda koronavirus bo‘yicha raqamlar kamaytirib ko‘rsatilgan deb hisoblamoqda 

Xitoy koronavirus epidemiyasi bo‘yicha real raqamlarni kamaytirib ko‘rsatgan. Bunday xulosaga AQSh razvedkasi keldi.

Foto: REUTERS

Bu haqda Oq uyga AQSh razvedkasi tomonidan topshirilgan hisobotga tayanib Bloomberg axborot agentligi xabar berdi. 

Agentlikning hisobot bilan tanishib chiqqan suhbatdoshlarining aytishicha, Xitoy kasallanganlar va vafot etganlar bo‘yicha ma'lumotlarni ataylab to‘liq bermagan. Manbalarning ta'kidlashicha, razvedkaning hisoboti maxfiy bo‘lgani sababli ular uning mazmuni bo‘yicha biror tafsilotlarga berilishmagan. Ularning aytishicha, hisobot o‘tgan hafta AQSh ma'muriyatiga topshirilgan.    

Koronavirus avj olishi 2019 yil oxirida Xitoyning Xubey provinsiyasida boshlangandi. Jons Hopkins universiteti ma'lumotlariga ko‘ra, Xitoy umumiy hisobda koronavirusdan kasallanganlar 82 ming, vafot etganlar 3,3 ming nafarligini ma'lum qilgan. Bu orada AQShda hozirga kelib 189 mingta kasallanish holati va 4 mingdan ko‘proq o‘lim qayd qilingan.

Avvalroq AQSh davlat departamentining immunologiya bo‘yicha mutaxassisi Debora Birks tibbiy doiralar Xitoyning koronavirus bo‘yicha ma'lumotlarini “bu jiddiy bo‘lgan, biroq kimdir kutganchalik darajada emas”, deb talqin qilganini aytgandi. “Ehtimol katta hajmda ma'lumotlar yetmagani sababli biz hozir Italiya va Ispaniyadagi holatni kuzatmoqdamiz”, deb qo‘shimcha qilgan Birks.

19 mart kuni AQSh prezidenti Donald Tramp Xitoy tomonidan koronavirus haqidagi ma'lumotlarning yashirilishi koronavirus pandemiyasining yuzaga kelishiga olib kelganini aytgandi. “Dunyo ular qilgan ishga juda katta haq to‘lamoqda”, deb aytgan Tramp.

Mavzu
Koronavirus
2019 yilning dekabr oyi oxirida Xitoyning Uxan shahrida noma’lum virus tarqala boshladi. Bu virus havo orqali odamdan odamga yuqadi va o‘limga olib keladi.
Barchasi
Top