Prezidentning 10-sentabrdagi farmoni bilan «Statistikani rivojlantirish - 2030» milliy strategiyasi tasdiqlandi. Hujjatda aholi va qishloq xoʻjaligini roʻyxatga olish natijalaridan samarali foydalanish boʻyicha ham qator choralar belgilangan.

Farmonga muvofiq, 2027-yil yakuniga qadar aholi va qishloq xoʻjaligini roʻyxatga olish natijalari asosida Milliy statistika qoʻmitasida aholining statistik registri shakllantiriladi.

Uning asosida aholi sonini hisoblash va bu haqdagi maʼlumotlarni muntazam eʼlon qilib borish amaliyoti joriy etiladi.

Buning uchun davlat organlarining aholiga oid maʼlumotlar bazalari oʻzaro muvofiqlashtiriladi. Shuningdek, maʼlumotlarni doimiy ravishda yangilab borish maqsadida ushbu bazalar aholining statistik registriga integratsiya qilinadi.

Registr ishga tushirilishidan oldin «Kiberxavfsizlik markazi» tomonidan kiberxavfsizlik talablariga muvofiqligi boʻyicha ekspertizadan oʻtkaziladi. Tegishli xulosa olingandan keyingina tizim amaliyotga joriy etiladi. Keyinchalik axborot tizimining xavfsizligi doimiy monitoring qilib boriladi.

Aholining statistik registridan faqat maxsus ruxsat berilgan xodimlar statistik maqsadlarda jamlanma maʼlumotlarni shakllantirish uchun foydalanishi mumkin.

Shu bilan birga, registrda saqlanadigan individual maʼlumotlardan davlat organlari, boshqa yuridik va jismoniy shaxslar tomonidan foydalanish qatʼiyan taqiqlanadi.

Farmon bilan qishloq xoʻjaligining statistik registrini ham shakllantirish belgilangan. Undagi maʼlumotlarni doimiy ravishda yangilab borish taʼminlanadi.