- Soʻnggi haftada AQSH vositachiligidagi muzokaralar qanday oʻtdi?
Kamoliddin Rabbimov: Agar Rossiya matbuoti va propagandasiga eʼtibor beradigan boʻlsak, bu safar Jared Kushner va Stiv Uitkoffning Moskvaga kelishiga avvalgidan koʻra ijobiyroq munosabat bildirilganini koʻramiz. Rossiya bu safar Amerika vositachiligiga nisbatan ancha katta manfaatdorlik namoyish etmoqda. Avval ham Moskva AQSH vositachiligini maʼqullagandek koʻrinar, biroq amalda oʻz siyosatini davom ettirardi. Hozir esa vaziyat oʻzgargan. Buning bir necha sababi bor.
Birinchidan, Rossiya-Ukraina urushi Rossiyaning bevosita ichki hududlariga koʻchdi. Rossiyaning energetika tizimi jiddiy zarba oldi. Yirik internet-doʻkonlari va logistika tarmoqlariga hujumlar iqtisodiy va ijtimoiy bosimni kuchaytirmoqda. Ayrim hududlarda yoqilgʻi taʼminotidagi muammolar sabab avtomobillar uchun kilometrlab navbatlar yuzaga kelmoqda.
Bularning barchasi Rossiyadagi ijtimoiy kayfiyatga taʼsir qilmoqda. Urush endi Rossiya jamiyati uchun faqat televizor ekranlaridagi voqea emas. U kundalik hayotga, odamlarning daromadi, harakati va xavfsizligiga bevosita taʼsir qila boshladi.
Rossiyada yashayotgan oʻzbekistonliklar bilan suhbatlarda ham bu oʻzgarishni sezish mumkin: ilgari urush koʻproq siyosiy masala sifatida qabul qilingan boʻlsa, hozir uning oqibatlari koʻpchilikning shaxsiy hayotiga ham kirib kelmoqda. Natijada Ukrainaga nisbatan salbiy munosabat yanada keskinlashmoqda.
Ikkinchi muhim omil – Donald Trampning siyosiy vaqti qisqarib bormoqda. Uning prezidentlik muddatining ikki yildan ortiq qismi oʻtib boʻldi. Agar oraliq saylovlarda respublikachilar Kongressdagi ustunligini yoʻqotsa va demokratlar kuchaysa, AQShning Rossiya-Ukraina urushidagi vositachilik siyosati sezilarli darajada murakkablashishi mumkin. Kongressda Ukrainani qoʻllab-quvvatlash tarafdori boʻlgan kuchlar yana ustunlik qilsa, Kiyevga harbiy va moliyaviy yordamni kuchaytirish ehtimoli ham ortadi. Shu nuqtayi nazardan, Rossiya uchun hozirgi davr siyosiy imkoniyat sifatida koʻrilmoqda.
Albatta, Ukraina ham oson vaziyatda emas. Avvalgi suhbatlarimizda taʼkidlaganimizdek, vaʼda qilingan mablagʻlarning faqat chorak qismi yetib kelgani Kiyevning imkoniyatlarini cheklab qoʻymoqda. Shuning uchun Moskva Tramp maʼmuriyatining vositachiligida hozir kelishuvga erishish imkoniyatini qoʻldan boy bermaslikka harakat qilmoqda.
Stiv Uitkoff va Jared Kushner Putin bilan qanday muloqot qilish, Rossiya rahbari bilan muzokaralarda qanday ohangdan foydalanish kerakligini yaxshi tushunishlarini taʼkidlamoqda. Yaʼni Vashington bu muzokaralarda keskin bosimdan koʻra, Putinning siyosiy va psixologik yondashuvlarini hisobga oladigan ehtiyotkor diplomatiyani tanlamoqda. Putin esa hozirgi vaziyatda bundan yaxshiroq vositachilik formatini topish qiyinligini anglayotgan boʻlishi mumkin. Shu sababli Rossiya AQShning mavjud vositachilik imkoniyatidan maksimal darajada foydalanishga va urushning keyingi bosqichiga oʻtishdan oldin oʻz manfaatlarini muzokara orqali mustahkamlashga urinmoqda.
Shavkat Saidov: Haqiqatan ham, hozir Ukrainaning Rossiya ichki hududlariga zarba berish strategiyasi maʼlum bir samara bermoqda. Bu strategiyaning asosiy maqsadi – Rossiya jamiyatini urushdan charchatish va shu orqali Vladimir Putin hamda uning atrofidagi elitani muzokaralarga majbur qilish. Biroq hozirgi harbiy vaziyatga qaraydigan boʻlsak, dronlar, ballistik va qanotli raketalardan foydalanish boʻyicha ustunlik Rossiya tomonida. Xususan, Iskandar-M va yangi Iskandar-1000 kabi raketa tizimlaridan foydalanish Rossiyaning zarba berish imkoniyatlarini kengaytirmoqda.
Rossiya Qora dengizdagi Ukraina imkoniyatlarini ham sezilarli darajada cheklab qoʻydi. Keyingi zarbalar esa Ukrainaning gʻarbiy va janubi-gʻarbiy yoʻnalishlaridagi logistika aloqalariga qaratilmoqda. Moldova bilan chegara hududlari, undan oldin esa Ruminiya bilan bogʻliq yoʻnalishlarga berilgan zarbalar shundan dalolat beradi. Donald Tuskning soʻnggi bayonotlariga koʻra, Polsha va Ukraina oʻrtasidagi muhim chegara hamda logistika punktlariga zarba berilishi ehtimoli haqida razvedka maʼlumotlari olingan.
Agar bu maʼlumotlar tasdiqlansa, Rossiyaning maqsadi Ukrainaning Gʻarb bilan asosiy logistika aloqalarini yanada zaiflashtirish boʻlishi mumkin. Bundan tashqari, Dunay daryosidagi suv sathining pasayishi ham Ukrainaning ayrim logistika imkoniyatlariga taʼsir qilmoqda. Shu bilan birga, Rossiya Kiyevdagi muhim infratuzilma obyektlarini nishonga olib, Dnepr daryosi bilan ikki qismga boʻlingan shaharning transport va taʼminot tizimiga bosimni kuchaytirishga urinmoqda. Frontdagi vaziyat ham umumiy manzarani murakkablashtirmoqda.
Sumi va Xarkiv yoʻnalishlarida Rossiya qoʻshinlari faolligini saqlab qolmoqda. Janubda, Liman yoʻnalishida esa Ukraina qoʻshinlari qarshi hujum harakatlariga oʻtgan. Agar keyingi uch-toʻrt oylik davrni hisobga oladigan boʻlsak, umumiy vaziyat kelgusida Ukraina uchun murakkab kechishi mumkin. Yevropadan moliyaviy va harbiy yordam yetarli darajada emas, ayniqsa raketalar hamda havo hujumidan mudofaa vositalari taqchilligi sezilmoqda. Shu sababli Kiyev Gʻarb davlatlaridan raketa va havo mudofaasi tizimlarini koʻproq yetkazib berishni izchil talab qilmoqda. Shu nuqtayi nazardan, hozirgi vaziyat Rossiyaga nisbatan Ukrainaga ogʻirroq tushmoqda, deb hisoblash mumkin.
Muzokarachilarning kelishi esa aynan shu sharoitda muhim ahamiyat kasb etadi. Jared Kushner va Stiv Uitkoff, avvalo, Rossiya va Ukrainani muzokara stoliga olib kelish hamda kelishuvga erishishdan manfaatdor. Bu Donald Tramp uchun ham juda muhim, chunki u urushni tugatish borasida katta vaʼdalar bergan. AQShdagi ichki siyosiy vaziyat ham bu jarayonga bevosita taʼsir qilishi mumkin. Trampga qarshi boʻlgan demokratlar va hatto ayrim respublikachi elitalar uning siyosiy zaiflashishidan manfaatdor. Chunki Tramp “Amerika birinchi oʻrinda” siyosatini ilgari surib, AQShning anʼanaviy ittifoqchilari bilan munosabatlarda keskinroq yondashuvni tanlamoqda. Bu esa Gʻarbning yagona siyosiy tizim sifatida harakat qilishiga taʼsir qilayotgan omillardan biri sifatida koʻrilmoqda. Shu sababli Tramp uchun urushni imkon qadar tezroq tugatish siyosiy jihatdan ham muhim.
Zelenskiy ham dastlab urushni qishgacha, yaʼni yil oxirigacha tugatish zarurligini taʼkidlagan edi. Keyinchalik esa muzokaralar va ehtimoliy kelishuv muddatlari bahorgacha choʻzilishi mumkinligi haqida fikrlar paydo boʻldi. Hatto urush 2028-yilgacha davom etishi mumkinligi haqidagi prognozlar ham yangramoqda. Demak, hozir vaziyat boʻyicha turli va bir-biriga zid qarashlar mavjud. Ammo Kushner va Uitkoffning yondashuvida muhim jihat shuki, Rossiyada yakuniy qarorni qabul qilish vakolati asosan Putinning oʻzida. Jamoatchilik kayfiyati va ichki siyosiy jarayonlar unga maʼlum darajada taʼsir qilishi mumkin, ammo Rossiya tizimi Yevropa davlatlari yoki AQShdagi siyosiy mexanizmlardan farq qiladi. Ularning fikricha, Moskva hozir qisqa muddatli sulhdan unchalik manfaatdor emas.
Rossiya urushni vaqtincha toʻxtatish emas, balki keyinchalik yangi mojaro kelib chiqishining oldini oladigan kengroq tinchlik kelishuvini istamoqda. Yaʼni Moskva uchun oddiy sulh emas, urushning yakuniy shartlarini belgilaydigan kelishuv muhim.
Shu bilan birga, Rossiya prezidenti uch tomonlama muzokaralarga ham rozi ekanini bildirmoqda. Zelenskiy ham AQSH, Rossiya va Ukraina ishtirokidagi muzokaralar formatini rad etmayapti. Shuning uchun hozircha bu jarayonning qanday yakunlanishini oldindan aniq prognoz qilish qiyin. Tomonlarning muzokaraga tayyorligi mavjud, biroq ularning urushni qanday shartlar asosida tugatish borasidagi pozitsiyalari hanuz keskin farq qilmoqda.
Suhbatni YouTube’dagi “Geosiyosatkunuz” kanalida toʻliq tomosha qilishingiz mumkin.














