London hokimi bo‘lgan vaqtidayoq quvnoqligi va noodatiy chiqishlari bilan qirollikning eng mashhur odamlaridan biriga aylangan Jonson bosh vazirlikka ham kutilgan holatda keldi. Tereza Mey o‘zi tish-tirnog‘i bilan kurashgan Brexit rejasini amalga oshira olmasligi aniq bo‘la boshlagan bir vaqtda ko‘pchilik Britaniya siyosatiga qat'iyatli rahbar kerakligini anglab yetgan va bunday inson haqida gapirganda odamlarning ko‘z o‘ngiga Londonning sobiq meri va sobiq tashqi ishlar vaziri Boris Jonson kelaverdi.

Jonson rasman ishsiz bo‘lgan vaqtida ham jurnalistlar uning uyiga borib ko‘rsatuvlar suratga olishar, agar bosh vazir bo‘lganda nima qilishi haqida so‘rashardi. Mana shunday ajoyib kunlarning birida hukmron konservatorlar orasida obro‘si baland bo‘lgan Jonson bo‘shab qolgan bosh vazirlik kursisiga o‘z nomzodini qo‘ydi va aytarli qarshiliksiz g‘olib bo‘ldi.

Foto: Charlie Bibby / Financial Times

Bugun esa Boris Jonsonning ahvoli yaxshi emas. Ham siyosiy ma'noda, ham o‘z ma'nosida uning holatiga hech kim havas qilmaydi. 27 mart kuni unda koronavirus aniqlandi. O‘sha vaqtlar o‘ta xotirjam ko‘ringan Jonson kasallikka chalingani haqida o‘zi tvitterdagi sahifasida pozitiv kayfiyatda xabar qilgandi. Katta ehtimol, o‘rnini yo‘qotib qo‘yishdan cho‘chigan Jonson hammasi joyida ekanini aytib, masofadan ishlab hukumatni boshqarishda davom etishini aytgandi.

Foto: Image: Facebook/Boris Johnson

Ammo 10 kun o‘tib ham kasallik alomatlari saqlanib qolavergach, Jonson kasalxonaga yotqizildi va bosh vazirlik lavozimini vaqtincha tashqi ishlar vaziri Dominik Raab egalladi.

Britaniya tashqi ishlar vaziri Dominik Raab. Foto: Getty Images

Britaniyada allaqachon «Jonson hukumatga qaytadimi?», «U ketsa o‘rnini kim egallaydi?» kabi savollar muhokama qilinmoqda. Albatta, hozir Jonson uchun birinchi o‘rinda salomatligi turadi, ammo Britaniyadek demokratik davlat uchun asosiysi hukumatning mustahkamligi. Bunday qudratli mamlakat rahbarlik lavozimi masalasi uzoq vaqt mujmal bo‘lib qolishiga yo‘l qo‘ya olmaydi.

Hozir Jonsonning ahvoli og‘ir emas, ammo bosh vazir uch kundirki kasalxonaning jonlantirish bo‘limida qolmoqda. U koronavirusdan tuzalsa ham, Britaniyani boshqara olmasligi va iste'fo berishi mumkinligi haqida tobora ko‘proq odam o‘ylay boshladi. Xo‘sh, agar Jonson ketsa, kimga Britaniyadek buyuk qirollik bosh vaziri bo‘lish baxti nasib qilishi mumkin?